Moliya

OTB Markaziy Osiyo va Koreya loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi

OTB Markaziy Osiyo va Koreya loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi
OTB Markaziy Osiyo va Koreya loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi / Foto: ADB Uzbekistan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasining qo‘shma loyihalarini, jumladan yirik tashabbuslarni qo‘shma moliyalashtirish orqali qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu haqda OTB xabar berdi.

 

14 sentyabr kuni Seulda OTB prezidenti Masato Kanda Koreya Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, Moliya va iqtisodiyot vaziri Ku Yun Chxol bilan uchrashdi.

Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan kritik muhim minerallar, sunʼiy intellekt va energetika sohalaridagi hamkorligini kengaytirish bo‘ldi.

Masato Kanda bank qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishga, jumladan ularni qo‘shma moliyalashtirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kritik muhim minerallar sohasidagi hamkorlik aniq investitsiya loyihalariga aylanishi kerak.

Tomonlar, shuningdek, Sunʼiy intellekt sohasida innovatsiyalar va rivojlanish markazini tezroq ishga tushirish hamda uning keyingi faoliyatini muhokama qildi.

OTB markaz tashkil etilishini may oyida Samarqandda eʼlon qilgan edi. Markaz Koreya Respublikasi hukumati ko‘magida Seulda faoliyat yuritadi.

Markaz 2035 yilga qadar qariyb 3 million kishining raqamli ko‘nikmalar va sunʼiy intellekt sohasidagi bilimlarni egallashiga ko‘maklashishni rejalashtirmoqda.

Muzokaralarning yana bir mavzusi Koreya texnologiyalari va tajribasidan Markaziy Osiyodagi OTB energetika loyihalarida foydalanish bo‘ldi.

Tomonlar bank tomonidan amalga oshirilayotgan mintaqaviy tashabbuslar doirasida tegishli yechimlardan keyinchalik foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.