Shoshilinch
O‘zbekiston

Asaka tumanida ekoturizm majmuasi yaratildi

Asaka tumanida ekoturizm majmuasi yaratildi
Asaka tumanida ekoturizm majmuasi yaratildi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati Asaka tumanidagi adirliklar musaffo havosi va oʻziga xos tabiati bilan ajralib turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi hayot” hududidagi 192 gektar maydonda barpo etilgan ekoturizm majmuasiga tashrif buyurdi.

Loyiha davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Tabiat va zamonaviy qulayliklar uygʻunlashgan ushbu maskan qisqa vaqtda aholi va sayyohlar eʼtiborini tortdi.

Majmua baland tepalikda joylashgan boʻlib, bu yerdan tumanning keng manzarasi namoyon boʻladi.

Hududda kapsula shaklidagi 4 ta zamonaviy dam olish uyi va milliy uslubdagi 5 ta oʻtov oʻrnatilgan. Oʻttiz gektar maydonda manzarali daraxtlar va archalar ekilgan. Oilaviy restoran, turli attraksionlar hamda zamonaviy tungi yoritish tizimi tashkil etilgan.

Majmuada tabiiy muhitni saqlash va resurslardan oqilona foydalanishga alohida eʼtibor qaratilgan. Hududda 14 ming kub metr sigʻimga ega membranali suv havzasi qurilgan. Daraxt va ekinlar toʻliq tomchilatib sugʻorish tizimi orqali sugʻoriladi.

Loyihaning umumiy qiymati 51,8 milliard soʻmni tashkil etadi. Uning amalga oshirilishi natijasida mahalliy aholi uchun 275 ta doimiy va 200 ta mavsumiy ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, bogʻda yetishtiriladigan uzumni eksport qilish rejalashtirilgan.

Muassasa toʻliq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 80 milliard soʻmlik xizmatlar koʻrsatilishi hamda mahalliy budjetga 3 milliard soʻm tushum taʼminlanishi kutilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar toʻliq ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Uzum bogʻi” majmuasi Andijon viloyatining jozibador sayyohlik maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Shu yerda yozilgan dasturxon atrofida davlatimiz rahbari viloyat faollari va mehnat faxriylari bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda Andijonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar, aholi farovonligini oshirish, mahallalarni obod qilish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish haqida soʻz bordi.

Tadbir davomida madaniy dastur va dronlar shousi namoyish etildi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.