Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda ota-onalarga my.gov.uz portali orqali farzandlarining baholarini masofadan kuzatish va ular tahsil oladigan maktab haqida maʼlumot olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda my.gov.uz portali xabar berdi.
Yangi funksiya foydalanuvchining shaxsiy kabineti orqali ishlaydi.
Xizmatdan foydalanish uchun shaxsiy kabinetdagi “Oilam” bo‘limiga kirish, farzand haqidagi maʼlumotni tanlash va «Maktab haqida maʼlumotlar» tugmasiga o‘tish kerak.
Foydalanuvchilar farzandining har bir o‘quv fani bo‘yicha joriy baholarini, shuningdek, o‘rtacha ko‘rsatkichlarini ko‘rishi mumkin.
Xizmat orqali sinfdagi baholar statistikasi va o‘quvchining umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari haqida ham maʼlumot olish mumkin.
Taʼlim natijalari haqidagi maʼlumotlardan tashqari, portal orqali taʼlim muassasasiga oid maʼlumotlarni ham olish imkoni mavjud. Jumladan, maktabning nomi va manzili, shuningdek, o‘quvchilar va pedagoglar soni ko‘rsatiladi.
Xizmat imkoniyatlarini yana-da kengaytirish rejalashtirilgan. Yaqin vaqt ichida ota-onalarga farzandining davomatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati ham taqdim etilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Toshkent maktablarida davomatni nazorat qilishning SI Davomat raqamli tizimi joriy etilmoqda.