O‘zbekiston

Samarqandda Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi o‘tkazildi

Samarqandda Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi o‘tkazildi
Samarqandda Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi o‘tkazildi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 17 sentyabr kuni Samarqand shahrida «Demokratik rivojlanishda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi» mavzusida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari parlamentlari senator va deputatlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, tahlilchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan iborat 150 ga yaqin kishi ishtirok etdi.

Parlament komissiyasi raisi Alisher Agzamxodjayev forumning ochilish marosimida kirish so‘zi bilan chiqdi. Uning taʼkidlashicha, zamonaviy sharoitda fuqarolik jamiyati institutlari aholining ehtiyojlarini aniqlash, ularni qaror qabul qiluvchi shaxslarga yetkazish va tegishli qarorlarni amalga oshirishda davlatning muhim hamkori sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ishtirokchilar Markaziy Osiyoning tinchligi va farovonligi nafaqat davlatlararo kelishuvlarga, balki xalqlar, fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlik va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga ham bog‘liq ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan milliy tajribani mintaqaviy natijalarga aylantirish zarurligi qayd etildi.

Davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, ijtimoiy loyihalarni ochiq va barqaror moliyalashtirishni taʼminlash, jamoatchilik nazoratini takomillashtirish hamda raqamli vositalardan foydalangan holda fuqarolarning ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Forum doirasida xalq boshqaruvi va ijtimoiy sheriklik, inson manfaatlari va farovonligi, yoshlar va xotin-qizlar faolligi, raqamli transformatsiya, ekologik tashabbuslar, qo‘shma loyihalar hamda tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Tadbirlar uchta parallel yo‘nalish va to‘qqizta sessiya doirasida o‘tkazildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari tajribasini ham ko‘rib chiqib, ilg‘or yondashuvlar va ularni amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qildi.

Xususan, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi mintaqaviy ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Forum yakunlari bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari bilan hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy aloqalarni yana-da mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tavsiyalar hamda rezolyutsiya qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.