Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston boks bo‘yicha terma jamoasi 19 sentyabr kuni Yaponiyaning Ayti-Nagoya shahrida start oladigan va 4 oktyabrga qadar davom etadigan Osiyo o‘yinlari uchun tarkibini aniqladi.
Erkaklar terma jamoasi tarkibiga olti nafar bokschi kiritildi. 55 kggacha bo‘lgan vazn toifasida Samandar Olimov, 60 kggacha bo‘lgan vaznda Abdumalik Halokov, 70 kggacha bo‘lgan vaznda Shavkatjon Boltayev, 80 kggacha bo‘lgan vaznda Fazliddin Erkinboyev, 90 kggacha bo‘lgan vaznda To‘rabek Habibullayev, 90 kgdan yuqori vazn toifasida esa Jahongir Zokirov ishtirok etadi.
Erkaklar terma jamoasining bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev hisoblanadi. Murabbiylar shtabi tarkibiga Xuan Enrike Steyners, Rahmatjon Ro‘zioxunov, Akmal Hasanov, Davron G‘afurov, Nodir G‘ulomov, Alimardon Dostonov va Sherzodbek Ahmadjonov kiritilgan.
Ayollar terma jamoasi sharafini besh nafar sportchi himoya qiladi. Feruza Qozoqova 51 kggacha, Nigoina Oktamova 54 kggacha, Sitora Turdibekova 60 kggacha, Navbahor Hamidova 65 kggacha, Aziza Zakirova esa 75 kggacha bo‘lgan vazn toifalarida ishtirok etadi.
Ayollar terma jamoasining bosh murabbiyi Elshod Rasulov bo‘ladi. Unga murabbiylar Barbaro Fernandes Ximenes, Islom Tojiboyev va Azim Xudoyqulov yordam beradi.
Jamoa rahbari etib Mirshohid Tillaboyev tayinlangan.
Tibbiy shtab tarkibidan shifokor Komiljon Rasulov va fizioterapevt Xesus Alberto o‘rin olgan.