Iqtisod

Mobiuz xususiylashtirish jarayonini yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda

Mobiuz xususiylashtirish jarayonini yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda
Mobiuz xususiylashtirish jarayonini yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) 2026 yil oxirigacha mobil operator Mobiuz (UMS)ning 100 foiz aksiyalarini xususiylashtirish jarayonini yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda agentlik direktorining o‘rinbosari Alisher Miraliyev Cbonds tomonidan o‘tkazilgan «O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori» VIII xalqaro konferensiyasi doirasida Spot nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Iyun oyida Mobiuz bo‘yicha o‘tkazilgan savdolarda g‘olib chiqqan AQSHning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi investorlar konsorsiumi operatorni xususiylashtirish bo‘yicha memorandumni imzolagan edi. Ayni paytda tomonlar shartnoma shartlarini kelishmoqda. Bitim narxi bo‘yicha esa allaqachon kelishuvga erishilgan.

Konsorsium Mobiuzning 100 foiz aksiyalari uchun 351 mln dollar to‘lashi, shuningdek, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va tarmoqni rivojlantirishga qo‘shimcha 500 mln dollar investitsiya kiritishi kerak. Shu tariqa, investitsiya majburiyatlarini ham hisobga olganda, bitimning umumiy qiymati 851 mln dollarni tashkil etadi.

«Ha, bugungi kunga kelib kelishuv imzolangan. Endi shartnoma shartlari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Narx bo‘yicha kelishuvga erishildi», — dedi Miraliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarni yakunlash va shartnomani joriy yil oxirigacha imzolash rejalashtirilmoqda. Shartnoma tuzilib, dastlabki to‘lovlar amalga oshirilganidan so‘ng Mobiuzni boshqarish investorga o‘tkaziladi.

Miraliyev, shuningdek, qonunchilik investor tomonidan to‘lov majburiyatlari bajarilishiga qarab kompaniyadagi ulushning muayyan qismini bosqichma-bosqich o‘tkazish imkonini berishini taʼkidladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.