Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida avtobuslardan kunlik foydalanuvchilar soni o‘rtacha 1 491 117 nafarga yetdi. Poytaxtda transport xizmatlari “Toshshaxartransxizmat” AJ tizimidagi 165 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatiladi.
16 sentyabr kuni soat 07:00 dan 10:00 gacha, ertalabki tirbandlik vaqtida shahar avtobuslaridan 343 997 nafar yo‘lovchi foydalandi.
Ushbu davrda eng yuqori yo‘lovchilar oqimi 131-yo‘nalish — «Do‘stlik 2-mavzesi – Olimpiya mavzesi»da qayd etildi. Mazkur yo‘nalishdan 5 166 nafar yo‘lovchi foydalangan. 116-yo‘nalish — «Shifokorlar shaharchasi – Chilonzor buyum bozori»da 4 402 nafar, 24-yo‘nalish — «TTZ ASHB – Yunusobod mavzesi 6-daha»da esa 4 131 nafar yo‘lovchi tashilgan.
38-yo‘nalish — «Olmazor mahallasi — “O‘zbekqishloqmash” zavodi»da ertalabki soatlarda 3 661 nafar yo‘lovchi tashilgan.
Umuman, “Toshshaxartransxizmat” AJning 165 ta yo‘nalishi bo‘yicha bir sutka davomida transport xizmatlari o‘rtacha 1 491 117 nafar yo‘lovchiga ko‘rsatiladi.