Texnologiyalar

IT Park Uzbekistan va FutureNuri EdTech sohasida hamkorlikni rivojtiradi

IT Park Uzbekistan va FutureNuri EdTech sohasida hamkorlikni rivojtiradi
IT Park Uzbekistan va FutureNuri EdTech sohasida hamkorlikni rivojtiradi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan va Janubiy Koreyaning FutureNuri kompaniyasi EdTech va raqamli texnologiyalar sohasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Tomonlar, shuningdek, FutureNuri kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirish va Markaziy Osiyodagi faoliyatini keyinchalik rivojlantirish rejalarini muhokama qildi.

2026 yil 10 sentyabr kuni Seul shahrida IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov boshchiligidagi delegatsiya FutureNuri bosh direktori Jeong Ho Choo bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida FutureNuri kompaniyasini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish, ofis ochish, IT Park rezidenti maqomini olish, mahalliy mutaxassislarni tanlash va ofis infratuzilmasini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, xalqaro texnologik kompaniyalar uchun mavjud qo‘llab-quvvatlash choralari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida imzolangan anglashuv memorandumi tomonlarning keyingi hamkorligining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi hamda EdTech, raqamli kutubxonalar, sunʼiy intellekt asosidagi yechimlar va raqamli transformatsiya sohalarida qo‘shma tashabbuslar uchun asos yaratdi.

FutureNuri raqamli kutubxona platformalari, akademik axborot tizimlari va kutubxonalar faoliyatini avtomatlashtirish yechimlarini ishlab chiqish va joriy etishga ixtisoslashgan. Kompaniya mahsulotlaridan universitetlar, jamoat kutubxonalari, davlat va akademik muassasalarni o‘z ichiga olgan qariyb 800 ta tashkilotda foydalaniladi.

Kompaniya, shuningdek, kutubxonalar va bilimlarni boshqarish tizimlari uchun sunʼiy intellekt asosidagi yechimlarni rivojlantirmoqda. 2026 yil yanvar oyida FutureNuri kutubxona xizmatlari va axborot bilan ishlashda sunʼiy intellektdan foydalanishga mo‘ljallangan futurenuri.ai platformasini ishga tushirdi.

FutureNuri O‘zbekistonda o‘zining birinchi xorijiy ofisini ochish hamda Markaziy Osiyoda EdTech va raqamli kutubxonalar sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Kompaniya mahalliy mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

IT Park Uzbekistan FutureNuri vakillarini 22–25 sentyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ICT WEEK Uzbekistan 2026 tadbirida ishtirok etishga taklif qildi.

Tadbir doirasida kompaniya O‘zbekistonning texnologik ekotizimi bilan tanishishi, mahalliy tashkilotlar va ehtimoliy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatishi mumkin.

Tomonlar FutureNuri kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirishi, mahalliy faoliyatini yo‘lga qo‘yishi hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda yangi loyihalarni tayyorlash masalalari bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.