Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2 oktyabr, shanba kunidan 31 oktyabr 2026 yilga qadar Buxoroda fransuz madaniyati oyligi o‘tkaziladi. Ushbu davrda shaharda qator ko‘rgazmalar, konsertlar, raqs tomoshalari va kino namoyishlari tashkil etiladi. Bu haqda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Tashkilotchilar taʼkidlashicha, oktyabr oyi davomida o‘zbek tomoshabinlari Ipak yo‘li gavhari sifatida taʼriflanadigan Buxoro shahrida Fransiyaning madaniy merosi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Dastur rassomlik, musiqa, raqs, kino va konferensiyalarni qamrab oladi. Barcha tadbirlar istaganlar uchun ochiq bo‘lib, kirish bepul.
Festivalning ochilishi 3 va 4 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu kunlarda shaharning bir nechta maydonlarida, Poi-Kalon majmuasidan Sitorai Mohi-Xosa saroyigacha, jumladan, Ark qalʼasida ochiq osmon ostida ko‘rgazmalar va tomoshalar tashkil etiladi.
Ochilish dasturiga ko‘ra, 3 oktyabr kuni soat 15:00 da Sitorai Mohi-Xosada rassom Diana Hamzinaning «Provans manzaralari» ko‘rgazmasi ochiladi. Soat 17:30 da Ark qalʼasi oldida Beau Geste raqs guruhi o‘z chiqishini namoyish etadi.
Kechki soat 19:00 da Poi-Kalon ansambli hududida Christine Fontrulp konserti bo‘lib o‘tadi.
Oylik dasturining keyingi qismida 5–9 oktyabr kunlari madaniy merosga bag‘ishlangan konferensiyalar seriyasi, 13–17 oktyabr kunlari esa fransuz kinosi festivali o‘tkaziladi.
Fransuz madaniyati oyligi franko-o‘zbek qo‘shma yakuniy konserti bilan yakunlanadi. Bundan tashqari, butun oy davomida shahar bo‘ylab interaktiv tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib boriladi.
Tashkilotchilar fransuz madaniyati oyligining batafsil dasturi keyinroq eʼlon qilinishini maʼlum qildi.