Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 19-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qoʻriqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda davlat chegaralarini muhandislik jihatidan mustahkamlash, chegara qoʻshinlarining moddiy-texnika bazasini kuchaytirish hamda milliy xavfsizlikni taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, transmilliy jinoyatchilikning yangi koʻrinishlari, xususan, davlat chegarasi orqali yerosti tonnellarini qurish va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari mavjud qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirgani qayd etildi.
Muhokamada 2016–2025-yillar davomida davlat chegarasida 12 ta noqonuniy yerosti tonneli aniqlangani, ular orqali katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklar, valyuta qimmatliklari va boshqa tovarlarni mamlakatga yashirin olib kirishga urinishlar kuzatilgani taʼkidlandi. Bu kabi holatlar davlat chegarasi daxlsizligi, iqtisodiy xavfsizlik va milliy manfaatlarga jiddiy tahdid solishi qayd etildi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksida davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tonnellar va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, ana shunday noqonuniy inshootlardan foydalangan holda davlat chegarasini kesib oʻtganlik yoki kontrabanda jinoyatlari sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Bundan tashqari, Qonunda insonparvarlik tamoyili ham oʻz ifodasini topgan. Xususan, birinchi marta ushbu turdagi qilmishni sodir etgan shaxs oʻz ixtiyori bilan davlat organlariga noqonuniy tonnel haqida xabar bersa yoki jinoyatni fosh etishga faol koʻmaklashsa hamda uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi boʻlmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishlarga muvofiq davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tonnellar qurish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergov harakatlarini Davlat xavfsizlik xizmati organlari tergovchilari amalga oshirishi belgilanmoqda. Bu mazkur turdagi jinoyatlarni tezkor aniqlash va samarali tergov qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Muhokama davomida senatorlar mazkur Qonun davlat chegarasi daxlsizligini mustahkamlash, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, milliy va iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash hamda mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilishini taʼkidladilar.
Senatorlar Qonunni maʼqulladi.