O‘zbekiston

Fransiya O‘zbekistonda IIV vakili faoliyatini yo‘lga qo‘ydi

Fransiya O‘zbekistonda IIV vakili faoliyatini yo‘lga qo‘ydi
Fransiya O‘zbekistonda IIV vakili faoliyatini yo‘lga qo‘ydi / Foto: O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Fransiya Ichki ishlar vazirligining O‘zbekistondagi vakili Siril Gu faoliyatini boshladi. U Fransiya vazirligining Markaziy Osiyo davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorligini muvofiqlashtirish uchun masʼul etib tayinlangan.

17 sentyabr kuni u O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Uchrashuvda Siril Gu Toshkentdagi faoliyati O‘zbekiston va Fransiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Tomonlar ikki vazirlik o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Xususan, xodimlar malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish va yuqori darajadagi tashriflarni tashkil etish masalalariga to‘xtaldi.

Uchrashuv ishtirokchilari hamkorlikni faollashtirish hamda yo‘lga qo‘yilgan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi rahbariyati Siril Guga faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.