Germaniyadan Toshkentga giyohvand moddalar yuborishga urinish aniqlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan giyohvand moddalar kontrabandasining oldi olindi. Tezkor-profilaktik tadbirlar «Xavfsiz va sog‘lom mamlakat» dasturi doirasida o‘tkazildi.
Tumandagi pochta bo‘limlaridan birida Germaniyadan yuborilgan jo‘natmani olish vaqtida 2001 yilda tug‘ilgan, Yashnobod tumanida vaqtincha yashab kelgan Chernogoriya fuqarosi qo‘lga olindi. To‘xtatish va tintuv xolislar ishtirokida o‘tkazildi.
Posilka belgilangan tartibda tekshirilganda, xodimlar sport anjomlari ichiga yashirilgan 3 kilogramm “klefedron” giyohvand moddasi va 1 kilogramm gashishni aniqladilar. Olib qo‘yilgan moddalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Shundan so‘ng tezkor tadbirlar qo‘lga olingan shaxsning vaqtincha yashash joyida davom ettirildi. Xonani ko‘zdan kechirish vaqtida u yerdan umumiy og‘irligi 30 gramm bo‘lgan “Alfa-PVP” giyohvand moddasi solingan 11 ta tayyor “zakladka” aniqlandi.
Bundan tashqari, xodimlar zip-paketlar, elektron tarozilar va boshqa buyumlarni ham aniqladilar.
Chernogoriya fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.