O‘zbekiston va Armaniston ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 7 sentyabr kuni Yerevanda O‘zbekiston va Armaniston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyalarga tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari Bobur Usmonov va Mnatsakan Safaryan boshchilik qildi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, oliy va yuqori darajadagi muloqotlar davomida belgilangan vazifalarning bajarilishi alohida ko‘rib chiqildi.
Maslahatlashuvlar ishtirokchilari ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish hamda xalqaro maydonlardagi hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, turizm va taʼlim sohalaridagi hamkorlik salohiyatidan amaliy foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida yaqin muvofiqlashtirishni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi keng doiradagi masalalar bo‘yicha amaliy hamkorlikni mustahkamlash niyatini bildirdi.