Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistondagi deyarli har ikkinchi jinoyat axborot texnologiyalaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lib, kiberjinoyatlarning qariyb 90 foizi transchegaraviy xususiyatga ega va xorijdan turib sodir etilmoqda. Bu haqda 7 oktyabr kuni ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov aholiga murojaatida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, statistika ortida minglab fuqarolarning mehnat qilib topgan mablag‘lari, ularning oilalari farovonligi va shaxsiy xavfsizligi turibdi. Ashrapov kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning saʼy-harakatlarigina yetarli emasligini taʼkidladi.
Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, firibgarlar asosan fuqarolarning ishonuvchanligi, beparvoligi va raqamli savodxonligining yetarli emasligidan foydalanmoqda.
U aholini kiberxavfsizlikning asosiy qoidalariga rioya qilishga, shuningdek, ularni farzandlari va keksa qarindoshlariga ham tushuntirishga chaqirdi.
Jumladan, fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan shubhali yoki nomaʼlum fayllarni, ayniqsa, APK formatidagi fayllarni, hatto ular tanish insondan kelgan bo‘lsa ham, ochmaslik va yuklab olmaslik tavsiya etildi.
Shuningdek, davlat organlari yoki boshqa idoralar xodimi sifatida o‘zini tanishtirib, kod va parol so‘raydigan shaxslarning nomaʼlum raqamlardan qilayotgan qo‘ng‘iroqlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish lozim.
IIV qisqa vaqt ichida kiritilgan mablag‘larni bir necha baravar oshirishni vaʼda qiladigan onlayn maydonlar va soxta platformalarga ishonmaslikka chaqirdi. Internet orqali xaridlarni amalga oshirishda sotuvchining ishonchliligi tekshirilmaguncha oldindan to‘lov qilmaslik tavsiya etilmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolarga bank kartalarining PIN-kodlari va telefonga keladigan SMS-kodlarni boshqa shaxslarga aytmaslik zarurligi eslatildi.
2026 yil O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tizimida «Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish yili» deb eʼlon qilingan. Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida mamlakatda 9 mingdan ortiq kiberjinoyat fosh etilgan, 120,49 milliard so‘m miqdoridagi zarar esa 13 mingdan ortiq fuqaroga qoplab berilgan.
Yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uch yil oldin tashkil etilgan IIV Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi faoliyatida sezilarli natijalar yo‘qligini maʼlum qilgan edi.