O‘zbekiston

Ustyurtda sayg‘oqlarni asrash uchun suv ichish joylari o‘rnatildi

Ustyurtda sayg‘oqlarni asrash uchun suv ichish joylari o‘rnatildi
Ustyurtda sayg‘oqlarni asrash uchun suv ichish joylari o‘rnatildi / Foto: Videodan olingan kadr.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘istondagi “Sayg‘oqchi” kompleks landshaft buyurtmaxonasida yovvoyi hayvonlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi. Tashabbus Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEJ) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Suv ichish joylari Ustyurtning suv resurslaridan foydalanish imkoniyati cheklangan cho‘l hududida tashkil etildi. Ular sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini qo‘shimcha suv manbalari bilan taʼminlashi kerak.

Avtonom qurilmalar quyosh energiyasida ishlaydi va markazlashgan elektr energiyasi hamda suv taʼminoti manbalariga doimiy ulanishni talab qilmaydi. Har bir tizim 3 kub metr hajmdagi suv rezervuari, nasos, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan bo‘lib, suvni avtomatik ravishda yetkazib berish imkonini beradi.

Shu bilan birga, buyurtmaxona hududiga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq o‘rnatildi. Uskunalar hayvonlarni sutka davomida kuzatish, ularning harakatlanishini hamda suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish uchun mo‘ljallangan.

Yig‘iladigan maʼlumotlar yovvoyi hayvonlar populyatsiyasining holatini keyinchalik monitoring qilish uchun foydalaniladi.

Ustyurtning tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi alohida ahamiyatga ega.

Avtonom suv ichish joylari hayvonlar uchun yana-da qulay sharoit yaratishga, kuzatuv tizimlari esa mutaxassislarni mahalliy fauna vakillarining holati hamda harakatlanishi haqida maʼlumot bilan taʼminlashga qaratilgan.

Suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurt bioxilma-xilligini saqlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlardan biri bo‘ldi.

Hayvonlar uchun infratuzilmani zamonaviy kuzatuv vositalari bilan uyg‘unlashtirish bir vaqtning o‘zida suvdan foydalanish imkoniyatini taʼminlash va tabiiy jarayonlarni monitoring qilish imkonini beradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.