O‘zbekiston

Mirziyoyev Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofotini ta'sis etishni taklif qildi

Mirziyoyev Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofotini ta'sis etishni taklif qildi
Mirziyoyev Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofotini ta'sis etishni taklif qildi / Foto: O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlatimiz rahbari mazkur dargoh ta’lim tizimiga yangicha ruh va mazmun olib kirishini ta’kidlab, barcha pedagoglarni kasb bayrami bilan tabrikladi.

– O‘qituvchi – mehr daryosi, o‘qituvchi – ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi – ma’rifat quyoshi! Ustozlar bugun yoshlar qalbiga qadayotgan ma’rifat va ezgulik urug‘ining hosilidan ertaga butun jamiyat bahramand bo‘ladi,– dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimiz yetakchisi buyuk ajdodlarimiz kamoloti ortida ham ularga saboq bergan muallimlar turganini yodga oldi. Imom Buxoriy, Beruniy, Amir Temur va Alisher Navoiy kabi siymolarni yetishtirgan ustozlarni “odamiylik bog‘ining bog‘bonlari” deb atadi.

Davlatimiz rahbari umrini yoshlar kamolotiga bag‘ishlagan barcha ustoz va murabbiylarga yuksak hurmat va minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda dunyoda bilim yaratish, axborot tarqatish va mehnat qilish usullari shiddat bilan o‘zgarayotgani qayd etildi. Sun’iy intellekt matn tayyorlashi, dastur yozishi va ma’lumotni tahlil qilishi mumkin. Lekin hech bir texnologiya bolaning qalbiga ustozdek yo‘l topib, unga Vatanga muhabbat va mas’uliyat tuyg‘usini singdira olmaydi.

Prezidentimiz ta’lim va ilm-fan fidoyilarining bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qildi. Ular orasida pedagoglar bilan birga ta’lim rivojiga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar va xorijlik hamkorlar ham bor. Uchrashuvda mukofotlar o‘z egalariga topshirildi.

Davlatimiz rahbari mukofot sohiblarini tabriklar ekan, “Ishoning, men ularni ko‘ksingizga taqib, sizlardan ham ko‘proq xursand bo‘lyapman”,– dedi.

Shuningdek, ta’limning barcha bo‘g‘inlaridagi ilg‘or pedagoglarni rag‘batlantirish uchun jadid bobomiz Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofotini ta’sis etish taklif qilindi. Uning ilk sohiblarini kelasi yilgi bayram arafasida e’lon qilish va taqdirlash ko‘zda tutilmoqda.

– Ta’limni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etishning eng muhim bo‘g‘inidir,– dedi Prezidentimiz.

O‘n yilda 1 million 800 ming o‘rinli bog‘chalar va 1,5 million o‘rinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod bog‘cha va maktab zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.

Davlatimiz rahbari ta’limda binolar va sharoit bilan birga, eng avvalo, mazmun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

“Biz bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytardik”,– dedi u islohotlarning eng katta natijasi haqida to‘xtalib.

Har bir bola o‘qishi, izlanishi, kamol topishi va katta orzular bilan yashashi kerak. Bu orzular ro‘yobga chiqishi uchun esa eng yaxshi darsliklar, kuchli va malakali o‘qituvchilar zarur.

– Biz bugun bolaga nimani bersak, ertaga uning natijasini mamlakat kelajagida ko‘ramiz, – dedi Prezidentimiz.

Prezidentimiz yangi avlod darsliklarini yaratish ishlari 2018-yilda boshlanganini esladi. Unga tajribali mutaxassislar, mualliflar, olimlar, pedagoglar va xususiy kompaniyalar jalb qilindi. Kitoblarni yaratishda Finlyandiya va Singapur kabi davlatlarning tajribasi o‘rganildi. Faqat shu yilning o‘zida 324 ta darslik yangilandi. Ularni tayyorlashda 400 nafardan ziyod mutaxassis mehnat qildi.

Davlatimiz rahbari bu ishga bilimi va kuchini bag‘ishlagan har bir insonga minnatdorlik bildirdi.

Yangi avlod darsliklari milliy qadriyatlar bilan birga bolalarda Vatanga muhabbat, tabiatni asrash va suvni tejash tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ular raqamli texnologiyalar, moliyaviy savodxonlik va kelajak kasblariga qiziqishni, mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini ham rivojlantiradi.

Prezidentimiz bu kitoblar o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashga undagani, pedagogika oliygohlarini o‘quv dasturlarini xalqaro talablarga moslashtirishga harakatlantirganini ta’kidladi. 2030-yilga qadar 8-11-sinflar uchun darsliklarni yangilash ishlari ham oxiriga yetkaziladi.

– Maqsadimiz aniq – har bir o‘quv yili bolaga keyingi bosqich uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilsin! Bitiruvchi maktabni hayotga tayyor, o‘z bilimiga, o‘z kuchiga ishongan holda tamomlasin!– dedi davlatimiz rahbari.

“Eng avvalo, farzandlarimizga, ularning iste’dodi, qobiliyati, kelajagiga ishonaman!”.

Prezidentimiz bolalar eng yaxshi ta’lim, eng yaxshi sharoit va eng yaxshi kelajakka munosib ekanini alohida ta’kidladi.

Ta’lim islohotlarining natijalari xalqaro baholash va o‘quvchilar yutuqlarida ham ko‘rinayotgani aytildi. “MELQO” tadqiqotida maktabgacha ta’lim tizimi yuqori baholandi. PISA reytingida 15 yoshli o‘quvchilar tabiiy fanlar bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, dunyoda 48-o‘rinni egalladi.

Joriy yilning o‘zida iste’dodli yoshlar nufuzli olimpiadalarda 228 ta medal – 38 ta oltin, 82 ta kumush va 108 ta bronzani qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston ilk bor mezbonlik qilgan xalqaro kimyo va informatika olimpiadalarida o‘quvchilarimiz yana 8 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Maktab paytidayoq xorijiy til va fan sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchilar soni 100 mingga yetdi. Ushbu ko‘rsatkich 2,5 barobar ko‘paygan. Bu yil qariyb 5 ming bitiruvchi oliygohga kirishda eng yuqori ballni to‘pladi.

Prezidentimiz mazkur natijalarni ustozlar mehnati, yangilangan ta’lim mazmuni va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bog‘ladi.

Muallimning qadri va obro‘sini yuksaltirish natijasida sohaga ko‘plab malakali pedagoglar kirib keldi. Xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar soni besh yilda 29 mingdan 143 mingga oshdi, maktablarda o‘qituvchi yetishmasligi uch barobar kamaydi. PISA tahlilida bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 8 foiz, o‘rganilgan 91 davlatda o‘rtacha 40 foiz ekani keltirilgan.

Hozir 40 ming muallim 1 ming dollardan, yana 1,5 ming nafari 2 ming dollardan yuqori maosh olmoqda. Zamonaviy metodikani joriy qilayotgan, olimpiada g‘oliblarini tayyorlayotgan ustozlarning mehnati rag‘batlantirilmoqda.

Yangi formatda o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining 208 nafar tuman va shahar g‘olibiga ilk bor 616 million so‘mdan mukofot berildi. Prezidentimiz bunday e’tirof yanada ko‘proq muallimlarni yuksak marralarga intilishga undashini ta’kidladi.

Kelasi yildan tanlovni 14 ta hududdagi bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalari o‘rtasida ham o‘tkazish, ularni mukofotlash taklif qilindi.

Prezidentimiz ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Maktab – taraqqiyotning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidir” degan so‘zlarini yodga oldi. O‘g‘il-qizlarimiz uchun bu darvozani yanada keng ochish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish Uchinchi Renessans g‘oyasining o‘zagidir.

Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojlanar ekan, yangi kasblar paydo bo‘lmoqda, mavjud kasblar ham boshqa ko‘nikmalarni talab qilmoqda. Shu bois, maktab bitiruvchisi katta hayotga til va kasbni egallamasdan chiqmasligi kerak.

– Bolani maktabdan kasb, til o‘rgatmasdan chiqarish – uning kelajagiga beparvolik emasmi? – dedi Prezidentimiz.

Direktorlar o‘quvchilar qaysi til va kasbni o‘rganayotgani, bitirganda qanday hunarga ega bo‘lishi haqida jiddiy o‘ylashi zarurligi qayd etildi.

Maktab rahbarlariga zarur vakolatlar beriladi, hamkorlikka tayyor tadbirkorlarga sharoit yaratiladi. Yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash va ta’lim bosqichlari uzviyligini ta’minlash uchun komissiya tuziladi; uch oy ichida yangi yechimlar e’lon qilinadi.

Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish uchun bolalar matematika, fizika, kimyo va biologiyani maktabdanoq chuqur o‘zlashtirishi zarur. Shu maqsadda sinfda 25 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lsa, ushbu fanlar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi.

Fundamental fanlar o‘qituvchilari uchun rag‘batning yangi tizimi joriy etiladi. Milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz ustama to‘lanadi, har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga 30 million so‘mdan mukofot beriladi. Yana 1 ming o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘taydi.

Kamida 15 yillik stajga ega pedagoglarning farzandlariga oliygoh kontrakti uchun foizsiz kredit ajratiladi. Xorijiy va milliy sertifikat olgan muallimlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplanadi.

Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Mendeleyev nomidagi xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglar to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifa oladi. Prezidentimiz ushbu tashabbuslar qariyb 100 ming o‘qituvchiga munosib rag‘bat bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ham fan olimpiadalari yo‘lga qo‘yiladi. Kelasi yildan 4-sinflar olimpiadasining tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan bolalar kompyuter oladi. Ularning ustozlariga tuman bosqichi uchun 10 million, viloyat uchun 50 million, respublika uchun 100 million so‘m mukofot beriladi.

Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabning bittadan sinfida matematika, informatika va tabiiy fanlar to‘liq ingliz tilida o‘qitiladi. Loyihaga jalb etilgan o‘qituvchilar hamda maktabga tayyorlov guruhi pedagoglarining maoshiga 100 foiz ustama qo‘shiladi.

– Endi o‘rta ta’limda “sifat indeksi” joriy etiladi, – dedi Prezidentimiz.

Maktablar pedagogik jamoaning salohiyati hamda o‘quvchilarning ta’lim va tarbiyadagi natijalariga qarab toifalarga ajratiladi.

Ilg‘or maktab boshqa maktablarga o‘z tajribasini o‘rgatib, ularni yuqori toifaga olib chiqsa, uning pedagogik jamoasi 30 foiz ustama oladi.

– Zamon o‘zgaryapti. Bolalarning qiziqishi, dunyoqarashi, axborot olish xususiyati ham o‘zgaryapti. Kecha samara bergan dars usuli bugun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu sabab muallimning muntazam o‘qishi va o‘z ustida ishlashi zarur,– dedi Prezidentimiz o‘qituvchilarning malakasi haqida.

Pedagoglar uchun poytaxt yoki viloyat markaziga borib, bir oylik kursda majburiy o‘qish talabi bekor qilinadi. Uning o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlari joriy etiladi.

Muallim toifa sinovidagi natijasiga qarab, 18 soatdan 72 soatgacha ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi. Kursni va malaka oshirish joyini o‘zi tanlaydi.

Davlatimiz rahbari bu o‘zgarish malaka oshirishni rasmiyatchilikdan amaliy ehtiyojga aylantirishi kerakligini ta’kidladi.

Joriy yil 1-sinfga 800 ming bola qabul qilindi – o‘tgan yilgiga nisbatan 10 foiz ko‘p. 2030-yilga borib, ularning soni 1 millionga yetishi kutilmoqda. Har yili investitsiya dasturlari hisobidan 180-200 ming o‘quvchi o‘rni yaratilmoqda.

Prezidentimiz o‘quv yuklamasi yuqori bo‘lgan 52 ta tumanda xususiy maktablar ochishni qo‘llab-quvvatlashning yangi moliyaviy mexanizmlarini e’lon qildi. Ushbu hududlarda maktab tashkil etish uchun 7 yillik 10 foizli imtiyozli kredit, ochish va jihozlash xarajatining 15 foizigacha, ko‘pi bilan 1,5 milliard so‘m subsidiya beriladi. Binosini maktabga ijaraga berganlar yer va mulk solig‘idan imtiyoz oladi.

Barcha tumanlarda bo‘sh davlat binolari xususiy maktab ochish uchun 10 yilga bepul ijaraga beriladi. Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish xarajatining yarmi qoplanadi.

Farzandi xususiy maktabda o‘qiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi 3 milliondan 6 million so‘mga oshiriladi. Bu oilalarga yiliga 6-7 million so‘m tejash imkonini beradi; soliq idoralari to‘lovlarni har oy yakunida avtomatik qaytarish tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Ikki yilda inklyuziv muhit yaratilgan maktablar soni 729 tadan 3 ming 591 taga, ya’ni qariyb besh barobarga oshdi.

– Bugun tengdoshlari qatorida to‘laqonli muhitda ta’lim olayotgan alohida ehtiyojga ega 10 ming bolaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi? – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari alohida g‘amxo‘rlikka muhtoj farzandlar doimiy e’tiborda bo‘lishini ta’kidladi.

Yaqinda Toshkent shahrida ko‘p funksional inklyuziv resurs maktabi ish boshladi. U yerda ko‘rish, eshitish yoki harakatlanishida nuqsoni bo‘lgan, shuningdek, ruhiy rivojlanishda qo‘shimcha yordamga muhtoj bolalar sog‘lom tengdoshlari bilan bir muhitda o‘qib, tarbiya oladi.

Bunday maktablar yil oxirigacha Xorazm, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, kelgusi ikki yilda esa barcha hududlarda ochiladi.

– Bog‘cha bolaning qobiliyati kashf etiladigan, zehni ochiladigan maskanga aylanishi zarur, – dedi Prezidentimiz.

Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosida milliy qadriyatlarimizga mos dastur ishlab chiqildi. 180 ming tarbiyachi va pedagog yangi metodika bo‘yicha o‘qitilmoqda.

O‘yin orqali ta’lim berishga qaratilgan dastur hozir bog‘chalarning 30 foizida amal qiladi. Yil yakuniga qadar u 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga joriy etiladi.

Toshkentda UNESCO shafeligida Bolalarni erta yoshdan ta’limga jalb qilish mintaqaviy markazi va Italiyaning Rejjio Emiliya markazi ish boshladi. Ular xalqaro standartlar va innovatsion yechimlarni joriy etish, o‘yin orqali ta’lim bo‘yicha amaliy qo‘llanmalar tayyorlashga xizmat qiladi.

Har yili 50 nafar ilg‘or tarbiyachi xorijda stajirovka o‘taydi, barcha bog‘chalar uchun 100 ta videokontent tayyorlanadi. Uch yillik dastur asosida davlat bog‘chalari elektron doska, kompyuter va rangli printer bilan jihozlanadi.

– Ayollar ishli bo‘lsa, oilaga qo‘shimcha daromad kiradi, bolalarning bilim olishiga ko‘proq sharoit yaratiladi, – dedi Prezidentimiz.

Shu bois, kelasi yil 1-yanvardan 2-3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ishli onalarning badal puli budjet hisobidan qoplanadi.

Bog‘cha tarbiyachilariga ishlab turib oliy ma’lumot olish imkoni yaratilgan. Joriy yil ularning 7 ming nafari oliygohga kirdi: haftada besh kun ishlab, bir kun o‘qimoqda.

Kelasi o‘quv yilidan tarbiyachilar uchun pedagogika oliygohlaridagi o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqaradi.

Bog‘chada kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilari ham bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.

Prezidentimiz kasbiy ta’limga to‘xtalar ekan, “Hunar – hunardan rizqing unar”, degan naqlni keltirdi. So‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya va Xitoyning xalqaro dasturlari olib kirildi. 25 ming korxona bilan hamkorlik natijasida 100 mingdan ziyod yosh o‘qish barobarida daromad topish imkoniga ega bo‘ldi.

Shu yildan dual ta’limda kasb o‘rganayotgan yoshlarga 1 million 300 ming so‘mgacha stipendiya to‘lanmoqda. Bu yil 9-sinfni bitirgan 220 ming o‘quvchi texnikumga jalb qilindi.

Xalqaro dasturlar bosqichma-bosqich barcha texnikumlarga joriy etiladi. Buning uchun ustalarni tayyorlash va rag‘batlantirish ham kuchaytiriladi: kelasi yildan xalqaro kasb sertifikatiga ega ustaga 50 foiz ustama to‘lanib, sertifikat xarajati to‘liq qoplanadi.

Har yili 500 nafar texnikum ustasi Germaniya, Shveytsariya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlarda stajirovka o‘taydi.

Ilk bor o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasb tanlovida 170 ming o‘quvchi ishtirok etdi. G‘oliblarni tayyorlagan 120 nafar ustaga 40 million so‘mgacha mukofot berildi. Prezidentimiz tanlovni har yili o‘tkazish, eng munosib o‘quvchilar va ustalarni 2028-yili Tokiodagi kasblar bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorlash vazifasini qo‘ydi.

Bundan buyon mintaqaviy va xalqaro kasb tanlovi g‘olibini tayyorlagan ustaga 100 million so‘m, jahon miqyosidagi nufuzli musobaqa g‘olibini tayyorlagan ustozga 200 million so‘m mukofot beriladi.

Xususiy texnikum tashkil etadigan tadbirkorlar soliq imtiyozi va yer narxidan chegirma oladi. Kelasi o‘quv yilidan sanoat, servis va infratuzilma kabi muhim sohalarga kadr tayyorlaydigan xususiy texnikum o‘quvchilarining 50 foiziga davlat granti ajratiladi.

Xalqaro dastur va franshiza olib kelish xarajatining 75 foizi qoplanadi. O‘quv laboratoriyalari va jihozlarini olib kirish bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Oliy ta’lim imkoniyatlarining kengayishi natijasida talabalar soni 1 million 600 mingga yetdi. Yettita oliygohimiz 17 ta fan bo‘yicha nufuzli xalqaro reytinglarga kirdi. Universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berildi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz rektorlar oldiga keskin savol qo‘ydi: “Oliygohdagi darsliklarning mazmuni bugungi kun talabiga qanchalik mos?”. Davlatimiz rahbari bu savolga hozircha ijobiy javob yo‘qligini ta’kidladi.

Yigirma ikkita muhandislik oliygohi birlashib, mualliflar jamoalarini tuzishi, xorijlik hamkorlar bilan ishlashi, har yili 25-30 ta yangi o‘quv adabiyotini yaratishi yoki ilg‘or kitoblarni tarjima qilib, moslashtirishi mumkin.

Transplantologiya, robot xirurgiyasi, kam invaziv jarrohlik va biomuhandislik jadal rivojlanmoqda. O‘n bitta tibbiyot oliygohi ham shu yo‘nalishlar uchun zamonaviy adabiyotlar tayyorlashni kechiktirmasligi kerak. Oliygohlar ta’lim sifati va mutaxassislar malakasida hali keskin o‘zgarishi zarur.

Prezidentimiz rektorlar oliy ta’lim sifati, mazmuni va natijasi uchun shaxsan mas’uliyat olishi shartligini ta’kidladi. Bundan buyon davlat universitetlari kuzatuv kengashlari a’zolarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillaridan iborat bo‘ladi. Kengash a’zolari va jalb etilgan ekspertlarga haq to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

Kuzatuv kengashlari mutaxassisliklar va o‘quv dasturlarini mehnat bozori talabiga moslab, to‘liq qayta ko‘rib chiqadi. Xorijiy adabiyotlar mualliflari bilan hamkorlikda har yili kamida 50 ta darslik yaratadi.

Bitiruv ishlari va dissertatsiyalar iqtisodiyot tarmoqlaridagi amaliy muammolar yechimiga yo‘naltiriladi. Professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar ishtirokida kreativ klublar tuzilib, xususiy sektor ehtiyojiga mos ilmiy ishlanmalar ko‘paytiriladi.

Davlatimiz rahbari universitet mustaqilligi ta’lim sifati, ilm-fan va ish beruvchilar bilan hamkorlikda aniq natija berishi kerakligini qayd etdi.

Oliygohlar xalqaro tan olinadigan, ilg‘or standartlarga asoslangan milliy ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga o‘tadi. INHA va Arxitektura universitetlari Britaniya standarti asosida shunday dasturlarni yo‘lga qo‘yib, talabalarga o‘qishni bir nechta xorijiy oliygohda davom ettirish imkonini yaratdi.

Mazkur tajriba yoshlarga xalqaro talabga javob beradigan bilim, malaka va diplom berayotgani ta’kidlandi. Kelasi yildan yana 20 ta oliygohda shunday yondashuv joriy etiladi.

Prezidentimiz ushbu universitetlar rektorlaridan dunyoqarashni o‘zgartirish, boshqaruv tizimini hozirdan moslashtirish va xalqaro dasturlar bilan ishlaydigan alohida tuzilmalar tashkil qilishni talab qildi.

Maqsad – xorijiy standartlarni milliy ta’lim mazmuni bilan uyg‘unlashtirib, talabaga jahonda tan olinadigan tayyorgarlik berish.

Prezidentimiz oliygohlarda dual ta’limni yangicha yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Kelasi yildan “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028-yildan barcha oliygohlarda amal qiladi.

Ish beruvchi o‘ziga kerak nomzodni o‘qitish bo‘yicha oliygohga buyurtma beradi; nomzod testsiz, suhbat asosida qabul qilinadi. Ishga olingan talabaga to‘langan maoshning yarmini davlat qoplaydi.

Korxona tomonidan biriktirilgan ustozga oliygoh pedagoglar oyligiga teng miqdorda qo‘shimcha haq to‘laydi. Korxona oliygoh yoki talaba yashaydigan joydan uzoq bo‘lsa, ijara xarajati qoplanadi. O‘qish va ishda yaxshi natija ko‘rsatgan talabalar ikkinchi kursdan davlat grantiga o‘tadi.

Rektorlar dual ta’lim bo‘limlarini ochadi, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlar asosiy vaqtini shu yo‘nalishga ajratadi. Tizimni namunali tashkil qilgan uchta eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi va hamkor korxonaning har biri 1 milliarddan 3 milliard so‘mgacha mukofot oladi. Oliygohga berilgan mukofotning yarmi bu ishga hissa qo‘shgan pedagoglarni rag‘batlantirishga sarflanadi.

Bugun mamlakatimizda 32 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Prezidentimiz endi dunyoning eng kuchli 300 universiteti filiallarini tashkil etish asosiy vazifa bo‘lishini ta’kidladi.

Nufuzli universitetlar franshizasini olib kelgan xususiy oliygohlarning laboratoriya va jihozlarga sarflagan mablag‘i, shuningdek, brend uchun to‘lovining 50 foizigacha qismi qoplanadi. Kampus qurish xarajatining 30 foizigacha kompensatsiya qilinadi, sarmoya qaytishini ta’minlashga xizmat qiladigan davlat granti o‘rinlari ajratiladi.

Muhandislik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, sun’iy intellekt hamda tibbiyot kabi iqtisodiyot uchun muhim sohalarga ustuvor ahamiyat beriladi.

Davlatimiz rahbari pedagoglar bilan muloqot qilib, ularning taklif va tashabbuslarni eshitdi.

Uchrashuv yakunida Prezidentimiz “Ustozni e’zozlash – bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlashdir”, – dedi hamda pedagoglarga shogirdlari yutug‘i, ota-onalar duosi va el-yurt hurmati hamisha hamroh bo‘lishini tilab, O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabrikladi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.