Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda ziyorat turizmini rivojlantirish va O‘zbekistonga xorijiy ziyoratchilarni jalb etishga ko‘maklashish maqsadida «Umra plyus» xalqaro turizm assotsiatsiyasi tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligi, xorijiy elchixonalar va diplomatik korpus, turizm sohasi hamda xalqaro hamkorlar vakillari ishtirok etdi.
Yangi tuzilmaning asosiy vazifasi Saudiya Arabistonidagi “Umra” ziyoratini O‘zbekistonning tarixiy, madaniy va diniy obyektlariga tashrif bilan birlashtirishdan iborat bo‘ladi. Belgilangan maqsadlar qatorida xorijiy ziyoratchilar sonini ko‘paytirish va mamlakatning turistik salohiyatini xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish ham bor.
Dastur doirasida Indoneziya, Malayziya va boshqa davlatlardan ziyoratchilarni O‘zbekistonga jalb etish rejalashtirilmoqda.
Saudiya Arabistonida “Umra” ziyoratini amalga oshirishni Toshkent, Samarqand va Buxorodagi tarixiy hamda diniy obidalarga tashrif bilan uyg‘unlashtiruvchi marshrutlarni ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
2026–2027 yillarga Malayziya va Indoneziyadan 100 ming nafar ziyoratchini jalb qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan.
Shu bilan birga, turistik xizmatlar sifatini oshirish, aviaqatnovlarni kengaytirish, xorijiy turoperatorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro bozor talablarini inobatga olgan holda yangi turistik mahsulotlar yaratish rejalashtirilmoqda.
Takliflar orasida Kuala-Lumpurdan Saudiya Arabistoniga Samarqand yoki Buxoro orqali tranzit turistik marshrutlarni yo‘lga qo‘yish ham bor. Kutilishicha, bunday marshrutlar O‘zbekistonning transport-logistika imkoniyatlarini ziyorat turizmi sohasidagi salohiyati bilan birlashtirish imkonini beradi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi huzuridagi «Turistik mahsulotlarni rivojlantirish loyiha ofisi» davlat muassasasi va «Umra plyus» xalqaro turizm assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi.
Hujjat qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish va ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirishni nazarda tutadi.
«Umra plyus» dasturini amalga oshirish mexanizmlari Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 yanvardagi 6-son qarori bilan belgilangan. Hujjatga ko‘ra, 2026 yil oxiriga qadar mazkur dastur doirasida Malayziya va Indoneziyadan turistlarni jalb qiladigan turoperatorlarga har bir turist uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratiladi.
Assotsiatsiya tashkilotchilari uni xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish, xorijiy turistik bozorlar bilan hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonni ziyorat turizmi yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish uchun platformaga aylantirishni rejalashtirmoqda.