Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi 14–18 sentyabr kunlari Vena shahrida bo‘lib o‘tgan Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) Bosh konferensiyasining 70-sessiyasida ishtirok etdi. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Xalqaro forum ishida AEXAga aʼzo 181 davlat vakillari ishtirok etdi. Konferensiya kun tartibidan yadroviy va radiatsiya xavfsizligi, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, xalqaro hamkorlik va tartibga solish amaliyotini takomillashtirish masalalari o‘rin oldi.
Sessiya doirasida Sanoat, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov xorijiy hamkasblari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, Vengriya tartibga soluvchi organi rahbari Andrea Beatriks Kadar va Belarus tartibga soluvchi organi rahbari Aleksandr Ivaniskiy bilan muzokaralarda yadroviy va radiatsiya xavfsizligini taʼminlash, sohani davlat tomonidan tartibga solish hamda ilg‘or tajriba almashinuvi masalalari muhokama qilindi.
Samarali nazorat, litsenziyalash, inspeksiya faoliyati, radiatsiya monitoringi va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanish sohasida milliy tartibga solish bazasini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.
Sanoat, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik qo‘mitasi zimmasiga xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, litsenziyalash va sohaga oid normativ-huquqiy bazani yangilash vazifalari yuklatilgan.
Qo‘mita huzurida Radiatsiya va yadroviy xavfsizlik ilmiy-texnika markazining tashkil etilishi sohani ilmiy va ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirdi.
Sessiya doirasida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar O‘zbekistonning xalqaro standartlar va ilg‘or jahon tajribasini inobatga olgan holda milliy yadroviy va radiatsiya xavfsizligi tizimini yana-da rivojlantirish bo‘yicha ishlarining bir qismi bo‘ldi.