Iqtisod

Centrum Air Stambul — Toshkent reysi kechikishiga izoh berdi

Centrum Air Stambul — Toshkent reysi kechikishiga izoh berdi
Centrum Air Stambul — Toshkent reysi kechikishiga izoh berdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Centrum Air aviakompaniyasi Stambul — Toshkent yo‘nalishidagi C6302 reysi kechikishi bilan bog‘liq holatga izoh berdi. Aviakompaniya maʼlum qilishicha, 17 sentyabr kuni reys parvozga tayyorgarlik jarayonida aniqlangan qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish zarurati tufayli 3 soat 20 daqiqaga kechikkan. Bu haqda aviakompaniyaning rasmiy izohida maʼlum qilindi.

Centrum Air vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu vaziyatda kompaniya uchun yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligi ustuvor bo‘lgan. Shu sababli barcha zarur tekshiruvlar yakunlanguniga qadar reysni kechiktirishga qaror qilingan.

Aviakompaniya taʼkidlashicha, barcha yo‘lovchilarga parvoz vaqti o‘zgargani haqida elektron pochta va SMS orqali xabar berilgan. Tegishli maʼlumotlar kompaniyaning rasmiy kanallarida ham eʼlon qilingan.

Centrum Air maʼlum qilishicha, 2026 yil avgust–sentyabr oylari yakunlariga ko‘ra, aviakompaniyaning barcha reyslarining 80 foizi jadval bo‘yicha amalga oshirilgan. Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ayrim kechikishlar, jumladan, C6302 reysi bilan bog‘liq holat parvozlar xavfsizligi va havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilish zarurati bilan bog‘liq.

Aviakompaniya Centrum Air parvozlar xavfsizligining qatʼiy standartlariga amal qilishini taʼkidladi. Reyslarni kechiktirish kompaniyaning xohishi emas, biroq yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligi har doim birinchi o‘rinda turishi qayd etildi.

Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, bunday qarorlar xavflarni professional baholash va xavfsizlik talablari asosida qabul qilinadi. Kompensatsiya choralarining miqdori, shartlari va tartibi aviakompaniyaning rasmiy siyosatiga muvofiq belgilanadi.

Avvalroq O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi C6302 reysi kechikishini nazoratga olganini maʼlum qilgan edi. Qo‘mita reys kechikishi va yo‘lovchilarning noroziligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar ortidan kelib tushgan murojaat asosida tekshiruv o‘tkazmoqda.

Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar Centrum Air va boshqa aviakompaniyalar xizmatlaridan norozilik bilan bog‘liq 270 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Shu munosabat bilan Qo‘mita aviakompaniya aybi bilan reyslar kechikkan taqdirda yo‘lovchilarga pul kompensatsiyasi to‘lashni joriy etish bo‘yicha Transport vazirligiga bir necha bor takliflar kiritgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.