Moliya

O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar ulushi 3,7%ni tashkil etdi

O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar ulushi 3,7%ni tashkil etdi
O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar ulushi 3,7%ni tashkil etdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tijorat banklarining jami kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi 2026 yil 1 avgust holatiga 3,71 foizni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.

Regulyator maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakat tijorat banklarining jami kredit portfeli 644 637,2 mlrd so‘mga yetgan. Shundan 23 928,6 mlrd so‘m muammoli kreditlar (NPL) hisobiga to‘g‘ri keladi.

Davlat ulushi mavjud banklarda kredit portfeli 421 937,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ushbu guruhda muammoli kreditlar hajmi 16 801,7 mlrd so‘m bo‘lib, ularning kredit portfelidagi ulushi 3,98 foizni tashkil qilgan.

Qolgan banklarda kredit portfeli 222 700,0 mlrd so‘mga yetgan. Muammoli kreditlar hajmi esa 7 126,9 mlrd so‘mni yoki kredit portfelining 3,2 foizini tashkil etgan.

Davlat ulushi mavjud banklar orasida muammoli kreditlarning eng yuqori ulushi Mikrokreditbankda qayd etilgan — 23 124,2 mlrd so‘mlik kredit portfelida NPL ulushi 9,87 foizni tashkil qilgan.

Biznesni rivojlantirish bankida ushbu ko‘rsatkich 5,84 foiz, Asaka bankda 4,48 foiz, Xalq bankida 4,09 foizga teng bo‘lgan. Ushbu guruhda muammoli kreditlarning eng past ulushi O‘zmilliybankda qayd etilgan — 3,03 foiz.

Qolgan banklar orasida muammoli kreditlar ulushining eng yuqori ko‘rsatkichi TBC Bankda qayd etilgan — 7 937,7 mlrd so‘mlik kredit portfelida mazkur ulush 13,07 foizni tashkil etgan. Poytaxt bankda bu ko‘rsatkich 10,54 foiz, Anorbankda 7,64 foiz, Garant bankda 7,15 foiz, AVO bankda 6,61 foizni tashkil qilgan.

Barcha banklar orasida muammoli kreditlar ulushining eng past ko‘rsatkichlari Uzum Bankda 0,0093 foiz, Apex Bankda 0,055 foiz va Openbankda 0,45 foizni tashkil etgan.

UzKDB Bank va Octobankda hisobot sanasi holatiga muammoli kreditlar qayd etilmagan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.