Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro savdo hajmini oshirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish hamda ikki mamlakat bozorlariga tovarlarning kirib borish shartlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Tegishli masalalar Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Turkiya savdo bo‘yicha ishchi guruhining ikkinchi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi departamenti boshlig‘i Inomjon Abdurahmonov rahbarlik qildi. Turkiya tomonidan esa Turkiya Savdo vazirligi departamenti boshlig‘i Hyusnyu Dilemre ishtirok etdi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilangan maqsadga erishish bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari tarif va notarif cheklovlarni bartaraf etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, elektrotexnika buyumlari va yengil sanoat tovarlarining ikki mamlakat bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish choralarini muhokama qildi.
Texnik tartibga solish va standartlashtirish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish hamda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar elektrotexnika mahsulotlari savdosi masalalari bo‘yicha texnik ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar ikki mamlakat eksportchilari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni kengaytirish masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazdi.
Yig‘ilish yakunida tegishli protokol imzolandi.
Shuningdek, tomonlar Turkiy davlatlar tashkilotining Anqarada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammiti doirasida bitimni kengaytirish to‘g‘risidagi hujjatni imzolash masalasini ishlab chiqishga kelishib oldi.