Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov mamlakatda ishchi tashrif bilan bo‘lib turgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Suy Dunyuy bilan uchrashdi.
Muzokaralar «Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat xavfsizligi» xalqaro forumi hamda Butunjahon paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya arafasida bo‘lib o‘tdi. Har ikki tadbir 7–8 oktyabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladi.
Tomonlar global iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga salbiy taʼsirini kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalalari bo‘yicha fikr almashdi. Shuningdek, alohida eʼtibor qaratishni talab qiladigan agrar sohaning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va FAO hamkorligi doirasida amalga oshirilgan loyihalar samaradorligi qayd etildi. Tomonlar hamkorlikni izchil rivojlantirish va yangi yo‘nalishlarda birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Xalqaro forumda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning yuqori lavozimdagi vakillari, xalqaro moliya tashkilotlari, ilmiy hamjamiyat vakillari, xorijiy ekspertlar hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbirda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinadi.