O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Oʻzbekiston Qashqarning bojxona infratuzilmasini oʻrgandi

UzDaily tahririyati · 15.08.2026 · 11:05 · 20 views
Oʻzbekiston Qashqarning bojxona infratuzilmasini oʻrgandi
Oʻzbekiston Qashqarning bojxona infratuzilmasini oʻrgandi / Foto: Bojxona qoʻmitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —  Bojxona qo‘mitasining Xitoy Xalq Respublikasidagi vakili K.Kadirov tomonidan Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining Qashqar shahrida bojxona, logistika va transchegaraviy savdo infratuzilmasi faoliyati o‘rganildi.

Dastlab Qashqar kompleks bojxona hududi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mazkur hudud Qashqarning g‘arbiy yo‘nalishdagi tashqi savdo va logistika tizimida muhim o‘rin tutib, bu yerda tovarlarni bojxona nazorati ostida saqlash, logistika, qayta ishlash, xalqaro savdo hamda transchegaraviy elektron tijorat operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.

Hududda qariyb 500 ming kvadrat metr ishlab chiqarish va ombor maydonlari mavjud bo‘lib, 670 tadan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Savdo-logistika yo‘nalishlari bilan bir qatorda elektron mahsulotlarni yig‘ish, oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlarini qayta ishlash kabi eksportga yo‘naltirilgan faoliyat turlari ham rivojlantirilmoqda.

Qashqar bojxonasining bojxona rasmiylashtiruvi markazida 38 nafar xodim tomonidan bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirish, jumladan, chegara bojxona postlari bilan bog‘liq operatsiyalar amalga oshiriladi. Markazda “Yagona darcha” tizimiga jalb etilgan xizmatlar, kompleks bojxona hududi va logistika yo‘nalishi vakillarining faoliyati bir joyda tashkil etilgan.

Shuningdek, transchegaraviy elektron tijoratning logistika va ombor infratuzilmasi bilan tanishilib, tovarlarni qabul qilish, identifikatsiya qilish, saralash, vaqtincha saqlash va eksportga tayyorlash jarayonlari o‘rganildi.

Qashqar transchegaraviy elektron tijorat import-eksport tovarlari ko‘rgazma va savdo markazi faoliyati ham ko'zdan kechirildi. Markazda xorijiy mahsulotlarni namoyish etish, saqlash va “offline ko‘rish — online buyurtma berish” mexanizmi asosida sotish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, 3 mingdan ortiq turdagi mahsulotlar namoyish etilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston mahsulotlari ekspozitsiyasi bilan tanishilib, mahalliy mahsulotlarni Qashqarda namoyish etish, saqlash hamda an’anaviy savdo va transchegaraviy elektron tijorat kanallari orqali realizatsiya qilish imkoniyatlari o‘rganildi.