Turkiyada ikki nafar o‘zbekistonlikka yordam ko‘rsatildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Istanbul shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Turkiyada og‘ir ijtimoiy-moliyaviy ahvolga tushib qolgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatdi va ularning Vatanga qaytishiga ko‘maklashdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Vaziyat o‘rganilishi davomida fuqarolar shaxsiy hujjatlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelgani aniqlandi. Ular fuqarolik pasportlarini uchinchi shaxslarga berganidan so‘ng shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz qolgan.
Migratsiya agentligi ko‘magida fuqarolarga zarur konsullik va tashkiliy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, ularga O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptalar xarid qilishda ham yordam berildi.
Bosh konsulxona respublika fuqarolarini fuqarolik pasportlarini boshqa shaxslarga bermaslikka, hujjatlarni ehtiyotkorlik bilan saqlashga va ulardan faqat qonuniy maqsadlarda foydalanishga chaqirdi.