O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Oʻzbekiston Senati raqamli markaz toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi

Dilafro'z Niyazova · 08.08.2026 · 18:20 · 56 views
Oʻzbekiston Senati raqamli markaz toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi
Oʻzbekiston Senati raqamli markaz toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida taʼkidlanganidek, mazkur Konstitutsiyaviy qonun Senatning 17-yalpi majlisida muhokama qilinib, takomillashtirish boʻyicha takliflar bilan birga Qonunchilik palatasiga yuborilgan edi. Senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasi manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda Qonunni qayta ishlab chiqdi.

Konstitutsiyaviy qonun bilan respublikamiz IT-park hududida ingliz huquqi tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi “Enterprise Uzbekistan” raqamli texnologiyalar xalqaro markazining huquqiy poydevori yaratib beriladi.

Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq Markazni tashkil etish, faollashtirish, uning chegaralarini oʻzgartirish, strategik boshqaruv, asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlariga bevosita taalluqli boshqa masalalar qabul qilingan farmonlari va qarorlariga asosan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, moslashuvchan soliq va bojxona rejimi, ayrim faoliyat turlari boʻyicha soliqlardan ozod qilish, asbob-uskunalar, texnologiyalar va materiallarni olib kirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Markaz ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini, yaʼni roʻyxatga olish va boshqarish uchun yagona darcha tashkil etish,  intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish kafolatlarini joriy etish koʻzda tutilgan.

Markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida 2030-yilga qadar yurtimizda raqamli xizmatlar eksportini 5 mlrd AQSH dollariga yetkazish, iqtisodiyotimizda yuqori daromad keltiruvchi 300 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratish va koʻplab iqtidorli yoshlarning vatanimizda dunyo miqyosidagi maoshlar bilan taʼminlanishiga mustahkam zamin yaratiladi.

Qonunning qabul qilinishi xorijiy investorlarning mulkiy va intellektual huquqlarini xalqaro standartlar darajasida kafolatlanishiga, buning natijasida esa Apple, Google, Microsoft, Amazon  kabi dunyoning eng yirik transmilliy IT-gigantlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yurtimizga kirib kelishiga huquqiy asos yaratadi.

Senatorlarning fikricha, Konstitutsiyaviy qonun IT sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushining oshishiga, raqamli sektorga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmining oʻsishiga, raqamli texnologiyalar sohasida yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, IT xizmatlari eksport hajmining oshishiga xizmat qiladi.

 Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.