O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi huzurida blogerlar kengashi tuzildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi huzurida Blogerlar ijodiy kengashi o‘z faoliyatini boshladi.
Kengash faoliyati blogerlarning kasbiy salohiyati va media savodxonligini oshirish, yosh kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda iqtidorli mualliflarni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Bu haqda Jurnalistlar uyushmasi xabar berdi.
Kengashni tashkil etish tashabbusi 3 iyun kuni «Loyihalar kuni» tadbiri doirasida ilgari surilgan.
Kengashning birinchi yig‘ilishida blogerlar, jurnalistlar, mediaekspertlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Unda yangi tuzilmaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Blogerlar ijodiy kengashi, shuningdek, zamonaviy media makonida masʼuliyatli kontent yaratish, soha vakillarining kasbiy rivojlanishi hamda ochiq muloqot uchun platforma shakllantirishga ko‘maklashadi.