Samarqand viloyatining ayrim tumanlari va Samarqand shahri chegaralari oʻzgartirilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdargʻom, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Samarqand shahri hududini kengaytirish, uning investitsion va turistik jozibadorligini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyali sanoat va zamonaviy xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish maqsadida Senat qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Samarqand shahri viloyatda aholi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi. Shahar chegaralarining kengayishi aholi zichligini kamaytirish, transport qatnovini yaxshilash, tirbandliklarni oldini olish va zamonaviy shahar infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Samarqand shahri tarkibiga 17 226,5 gektar yer maydoni qoʻshilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, maʼmuriy-hududiy boshqaruvni optimallashtirish maqsadida Samarqand tumanini tugatish va 28 295 gektar yer maydonini Toyloq tumaniga oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Senatorlar oʻz chiqishlarida koʻrilayotgan masalaning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, shahar aholisi soni 880 mingga yetib, “aholisi bir million boʻlgan shahar” maqomiga yaqinlashishi, yangi yer maydonlarida kichik sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etilishi, xizmat koʻrsatish, turizm va qurilish sohalarida minglab yangi ish oʻrinlari yaratilishi qayd etildi.
Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi yerlarini saqlab qolish va ekologik muvozanatni taʼminlash masalasiga alohida urgʻu berildi. Oʻtkazilayotgan 6 263 gektar yer maydonining toifalari oʻzgartirilmasdan saqlanmoqda.
Mazkur masala tegishli mahalla fuqarolar yigʻinlari, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari hamda viloyat Kengashida keng muhokama qilinib, maʼqullangan.
Senatorlar viloyat chegaralarining oʻzgartirilishi Samarqand shahrining meʼmoriy qiyofasini yaxshilash, xorijiy va mahalliy investorlar uchun shaharning jozibadorligini oshirish, turizm salohiyatidan samarali foydalanish uchun imkoniyat yaratish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni taʼminlash, shuningdek, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Muhokamadan soʻng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.