O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida «yashil to‘lqin» ishga tushirildi

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 16:35 · 28 views
Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida «yashil to‘lqin» ishga tushirildi
Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida «yashil to‘lqin» ishga tushirildi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda svetoforlarni sinxron boshqarish tizimi — «yashil to‘lqin»ning birinchi uchastkasi ishga tushirildi. Yangi tizim Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida ishlay boshladi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Markaz mutaxassislari «To‘ra Buva» masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan uchastkadagi 13 ta chorrahada svetoforlar ishini sinxronlashtirdi. Tizim ertalabki soatlarda shahar markazi tomon harakatlanishga, kechqurun esa qarama-qarshi yo‘nalishga ustuvorlik beradi.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi maʼlumotlariga ko‘ra, svetoforlar sozlangandan so‘ng «To‘ra Buva» masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishning o‘rtacha vaqti 8,5 daqiqadan 6 daqiqaga qisqardi. Bu 29 foizlik kamayishni anglatadi. Qarama-qarshi yo‘nalishda, yaʼni Salom ko‘chasidan «To‘ra Buva» masjidigacha bo‘lgan yo‘lda harakatlanish vaqti 10 daqiqadan 8 daqiqaga, yaʼni 20 foizga qisqardi.

Markaz taʼkidlashicha, tizim samarali ishlashi uchun haydovchilar yo‘l harakati qoidalari va belgilangan tezlik tartibiga rioya qilishi zarur. Ushbu uchastkada soatiga 40–60 kilometr tezlikda harakatlanganda, chorrahalarning aksariyatidan svetoforning taqiqlovchi signalida to‘xtamasdan deyarli o‘tish mumkin.

Ayni paytda mutaxassislar Toshkentning intellektual svetoforlar o‘rnatilgan boshqa ko‘chalarida ham «yashil to‘lqin» tizimini joriy etish bo‘yicha hisob-kitoblar olib bormoqda va loyihalar ishlab chiqmoqda.