Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 10 kun davomida 96 415 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytib keldi. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi maʼlum qildi. Agentlik 2026 yil 25 avgustdan 5 sentyabrga qadar Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalarini taqdim etdi.
Qayd etilgan fuqarolarning 54 885 nafari to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistonga qaytib kelgan, yana 41 530 nafari Qozog‘iston orqali mamlakatga kirib kelgan.
Ko‘rsatilgan davrda 5 467 nafar fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatildi. Jami masʼul vazirlik va idoralarga 6 413 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ular sutka davomida ko‘rib chiqilmoqda.
Fuqarolar bilan ishlash doirasida Rossiyaning Moskva, Tula, Kursk, Kaluga, Ryazan, Oryol va Voronej kabi yetti hududiga sayyor tashriflar amalga oshirildi. Ushbu tashriflar davomida mutaxassislar 3 000 dan ortiq fuqaroni qamrab oldi.
Ish yo‘nalishlaridan biri fuqarolarni ish bilan taʼminlashga ko‘maklashish bo‘ldi. Masʼul idoralar vakillari 20 ta yirik ish beruvchi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Natijada 2 500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni aniqlandi.
Hisobot davrida 1 669 nafar fuqaro Vatanga qaytarildi. Ularning 660 nafari aviareyslar, 1 009 nafari esa avtobuslar orqali mamlakatga yetib keldi.
2 681 nafar fuqaroga huquqiy yordam ko‘rsatildi. Yana 726 kishi O‘zbekistonga qaytish guvohnomalari bilan taʼminlandi.
272 nafar fuqaroni ishga joylashtirishga ko‘maklashildi.
59 nafar fuqaroga moddiy yordam ko‘rsatildi. 31 nafar fuqaro foydasiga ish haqi bo‘yicha qarzdorlik undirildi. Yana 29 nafar fuqaroga boshqa turdagi yordam ko‘rsatildi.
Masalalarni tezkor hal etish maqsadida Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa masʼul idoralar fuqarolarning murojaatlarini sutka davomida qabul qilmoqda.
2026 yil oktyabr oyida fuqarolarni mehnat faoliyatiga uyushgan holda jalb qilish bo‘yicha qo‘shma pilot loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Masʼul idoralar xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy va mehnat masalalari bo‘yicha yordam ko‘rsatish, og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ishsiz qolganlar uchun yangi ish imkoniyatlarini izlash hamda Vatanga qaytish istagida bo‘lganlarga ko‘maklashish ishlarini davom ettirmoqda.