O‘zbekiston

O‘zbekistonda tungi vaqtda shovqinga cheklovlar o‘rnatildi

O‘zbekistonda tungi vaqtda shovqinga cheklovlar o‘rnatildi
O‘zbekistonda tungi vaqtda shovqinga cheklovlar o‘rnatildi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda «Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Unda shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajalari va fuqarolarning tinchligi hamda normal dam olishini buzuvchi harakatlarga nisbatan vaqt cheklovlari belgilangan. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatga Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 sentyabr kuni imzo chekkan.

Qonunga ko‘ra, ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha belgilangan yo‘l qo‘yiladigan darajadan yuqori shovqin chiqarish taqiqlanadi. Dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida ushbu cheklov soat 22:00 dan 09:00 gacha amal qiladi.

Yangi talablar, jumladan, turar joylarda maishiy va xo‘jalik faoliyati natijasida yuzaga keladigan shovqin, qurilish ishlari, texnika va transport vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq shovqinlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Insonda sezilarli bezovtalik keltirib chiqarmaydigan, organizmning funksional tizimlari va shovqinga sezgir aʼzolarida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmaydigan hamda sanitariya qoidalari va meʼyorlari bilan belgilangan shovqin darajasi yo‘l qo‘yiladigan daraja hisoblanadi.

Belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish vazifasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi zimmasiga yuklatildi.

Shovqin taʼsiri natijasida zarar yetkazilgan taqdirda, fuqarolar tovon undirish uchun sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilinganidan uch oy o‘tib, yaʼni 2026 yil 11 dekabrdan kuchga kiradi.

 

Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.