Ostonada Markaziy Osiyo-Koreya sammitiga tayyorgarlik muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Kecha Ostona shahrida Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi davlat rahbarlari sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha yuqori mansabdor shaxslarning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari, shuningdek, Qirg‘izistonning Ostonadagi elchisi ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov boshchilik qildi.
Tomonlar bo‘lajak sammit dasturi va kun tartibining mazmuniy jihatlari bo‘yicha yondashuvlarni kelishib oldi.
Shuningdek, ishtirokchilar Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollarini muhokama qilib, umumiy manfaatlarga javob beradigan ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yana-da kengaytirishga o‘zaro manfaatdor ekanligini tasdiqladi.
Tadbir doirasida Mirvohid Azimov Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Chun I Xe bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, oliy va yuqori darajalarda rejalashtirilgan tadbirlar jadvali muhokama qilindi hamda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.