Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 19-yalpi majlisida “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda raqobatni rivojlantirish orqali isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Qonun bilan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga tovardagi nuqsonlarni uning tashqi koʻrinishidan aniqlash imkoni boʻlmagan hollarda tovar sifatini qoʻshimcha ravishda tekshirishning huquqiy asoslarini aniqlashtiruvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilmoqda.
Shuningdek, tekshirishning tartibi va muddati, isteʼmolchining ushbu jarayonda ishtirok etishini hamda tekshirishni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplab berish tartibi ham belgilanmoqda.
Tovardagi nuqsonlar u isteʼmolchiga realizatsiya qilinganidan keyin, tovarni saqlashning yoki undan foydalanishning belgilangan qoidalari buzilganligi sababli yoxud uchinchi shaxslarning harakatlari tufayli yuzaga kelganligini tovarning tashqi koʻrinishiga qarab aniqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, tovarning sifati qoʻshimcha ravishda tekshirilishi joriy etilmoqda.
Isteʼmolchiga shaxsan yoki oʻz vakili orqali tovarning sifatini qoʻshimcha ravishda tekshirishda ishtirok etish shuningdek, tovarning sifatini oʻz mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ravishda tekshirishni amalga oshirish vakolatlari berilmoqda.
Senatorlar fikricha, qonun isteʼmolchilarning huquqlarini samarali himoya qilishga hamda bozor ishtirokchilari uchun yanada barqaror va ishonchli huquqiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.