O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Mirziyoyev quruvchilarni kasb bayrami bilan tabrikladi

Dilafro'z Niyazova · 08.08.2026 · 22:35 · 29 views
Mirziyoyev quruvchilarni kasb bayrami bilan tabrikladi
Mirziyoyev quruvchilarni kasb bayrami bilan tabrikladi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev quruvchilar, meʼmorlar, muhandislar, loyihachilar va sohada mehnat qilgan faxriylarni kasb bayrami — Qurilish sohasi xodimlari kuni bilan tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tabrikda qurilish sohasi Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantiradigan muhim yo‘nalishlardan biriga aylanayotgani taʼkidlangan. Davlat rahbari qayd etganidek, zamonaviy shaharlar, qishloqlar va mahallalar, yangi turar joy massivlari, yirik strategik obyektlar, korxonalar, mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmasi quruvchilar mehnati tufayli barpo etilmoqda.

Prezidentning maʼlum qilishicha, so‘nggi to‘qqiz yilda mamlakatda umumiy maydoni 210 million kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar qurildi. Ular orasida 647 ming xonadonli turar joylar bor bo‘lib, ularning 135 mingtasi o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda yana 140 mingta yangi xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. 2040 yilga borib qurilayotgan uy-joylar hajmini yiliga 280 ming xonadonga yetkazish, «Yangi O‘zbekiston» massivlari sonini esa 61 tadan 120 taga ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Mirziyoyev taʼkidlaganidek, joriy yilda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Burhoniddin Marg‘inoniy turistik markazi kabi qator maʼnaviy-maʼrifiy obyektlarning qurilishi va obodonlashtirish ishlari yakunlandi.

Prezident, shuningdek, ilg‘or muhandislik yechimlari va “yashil” qurilish tamoyillari asosida poytaxtda Yangi Toshkentni, Toshkent viloyatida Nurafshon, Andijon viloyatida Bobur, Samarqand viloyatida Shirin va Xorazm viloyatida Al-Xorazmiy shaharlarini barpo etish kabi megaloyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Davlat rahbari maʼlumotlariga ko‘ra, qurilish sohasi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turdosh tarmoqlarda 3 million 500 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda qurilish uchun ruxsatnoma olish jarayonlari soni uch baravarga, ularni rasmiylashtirish muddatlari esa to‘rt baravarga qisqartirildi.

«Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi bazasida 24 ta elektron platforma ishga tushirildi. Bu boshqaruvning asosiy jarayonlari, shuningdek, nazoratning barcha tartib-taomillarini raqamli formatga o‘tkazish imkonini berdi. Sohada davlat xaridlari tizimida elektron tender platformasi ham joriy etildi va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan faol foydalanilmoqda.

Prezident taʼkidlaganidek, ushbu o‘zgarishlar inson omili taʼsirini kamaytirish, korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish va qabul qilinayotgan qarorlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

U sohani yana-da rivojlantirishda xodimlarning kasbiy bilimi, amaliy tajribasi va malakasini oshirish, shuningdek, ularning mehnatini rag‘batlantirishga alohida eʼtibor qaratilishini taʼkidladi.

Mirziyoyev quruvchilarga mustahkam sog‘liq, baxt, farovonlik va kasbiy faoliyatida yangi yutuqlar tiladi.