Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligi oshiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar (xavfli chiqindilarning egalari bo‘lgan yuridik shaxslar):
ekologik ekspertiza xulosasiga muvofiq xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yillik rejalarni ishlab chiqadi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi (Agentlik)ning hududiy boshqarmalari bilan kelishadi;
yillik rejalarda quyidagi ko‘rsatkichlarni nazarda tutadi:
xavfli chiqindilar hosil bo‘lish hajmini kamaytirish;
xavfli chiqindilarni qayta ishlash ulushini oshirish, ularni xavfsiz joylashtirish;
xavfli chiqindilarni qayta ishlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki ko‘mishga tegishli vakolat, infratuzilma hamda ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan ixtisoslashgan tashkilotlarga qayta ishlash yoki ko‘mish uchun topshirish.
Barcha foydalanishdan chiqarilgan xavfli chiqindilar saqlanayotgan (joylashtirilgan) maxsus inshootlar va ochiq maydonlar (maxsus obyektlar) ularni ekologik qayta tiklash uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar bilan birgalikda bepul asosda Agentlikka o‘tkaziladi.
2026 yil 1 oktyabrdan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar statistika hisobotlari yil yakuniga ko‘ra shakllantirib boriladi.