Toshkentda kichik biznesga bino va yer bepul beriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti «Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat foydalanilmayotgan davlat mulkini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishning yangi mexanizmlarini nazarda tutadi.
2026 yil 1 avgustdan boshlab Toshkent shahri hokimi Savdo-sanoat palatasi reyestriga kiritilgan, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ayrim qarorlarni qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Hujjatga muvofiq, bunday tadbirkorlarga bo‘sh turgan davlat binolari va inshootlari 10 yilgacha bo‘lgan muddatga bepul foydalanishga berilishi mumkin. Bunda obyektlarni taʼmirlash va jihozlash tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi majburiy shart hisoblanadi.
Bundan tashqari, kichik biznes subyektlari maydoni 1,5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Qurilish ishlari yakunlanib, barpo etilgan obyekt davlatga topshirilganidan so‘ng yer uchastkasi tadbirkorga 15 yilgacha bo‘lgan muddatga bepul foydalanish uchun berilishi mumkin.
Qarorda taʼkidlanishicha, yangi choralar foydalanilmayotgan davlat mulkini iqtisodiy aylanmaga jalb qilish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, poytaxtda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini kengaytirishga qaratilgan.