Saida Mirziyoyeva bolalar maydonchalari qurilishiga qarshi chiqdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bolalar maydonchalari, yashil hududlar va boshqa jamoat joylaridan faqat ularning bevosita maqsadi bo‘yicha foydalanish kerakligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hududlarda biznes-markazlar yoki turar joy majmualarini qurishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
U misol sifatida Toshkent shahri Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasidagi vaziyatni keltirdi. Uning aytishicha, bu yerda mahalliy aholi tomonidan ekilgan daraxtlar yo‘q qilingan, bolalar maydonchasi o‘rnida esa biznes-markaz qurish rejalashtirilgan.
Mirziyoyeva bunday holatlar poytaxt aholisining haqli noroziligiga sabab bo‘layotganini taʼkidladi. Chunki qurilishlar natijasida shahar hovlilar, bolalar o‘yin va sport maydonchalaridan ayrilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh prokuratura Toshkent shahri bo‘ylab shunga o‘xshash obyektlarni xatlovdan o‘tkazadi.
Tekshiruv doirasida qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik meʼyorlariga rioya etilgani, shuningdek, aholi huquqlariga amal qilingani o‘rganiladi.
Prezident Administratsiyasi rahbari taʼkidlaganidek, tekshiruv yakunlari bo‘yicha qonunbuzilishlar aniqlansa, aybdorlar javobgarlikka tortiladi, hatto ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.