Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 17 sentyabr kuni O‘zbekiston fuqarosi uch nafar farzandi bilan O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Turkiyadan vataniga qaytarildi.
Turkiyaga ishlash maqsadida borgan ayol farzandlari bilan birga uy-joy va zarur yordamsiz qolganidan so‘ng oila og‘ir vaziyatga tushib qolgan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Murojaat kelib tushgach, Bosh konsulxona O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda oilaga amaliy yordam ko‘rsatdi. Vatandoshimiz va uning farzandlari oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlandi, zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashildi hamda O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptalar olib berildi.
Ayol aeroportda xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollar va bolalar taqdiriga eʼtibor qaratilayotgani, shuningdek, ularni vatanga qaytarish bo‘yicha tashabbuslar uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi.
U, shuningdek, ko‘rsatilgan yordam uchun Migratsiya agentligi va Bosh konsulxona xodimlariga tashakkur bildirdi.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan mamlakat fuqarolariga amaldagi qonunchilik doirasida konsullik-huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatishni davom ettirishini maʼlum qildi.