Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov KOFIH, Yonsei University va Korea IT Consulting (KITC) olimlari hamda ekspertlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Uchrashuvda innovatsion farmatsevtika klasteri — BioPharma City shakllantirilayotgan ekotizimi, shuningdek, ilm-fan, taʼlim, ilmiy-tadqiqot faoliyati, texnologiyalar va ishlab chiqarish jarayonlarini yagona tizimga birlashtirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, zamonaviy texnologiyalar va bilimlar transferini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, innovatsion mahsulotlar yaratish hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda Koreya Respublikasi tajribasidan foydalangan holda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.