O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekiston va xalqaro ekspert oziq-ovqat eksportini oshirishni muhokama qildi

Dilafro'z Niyazova · 08.09.2026 · 13:20 · 30 views
O‘zbekiston va xalqaro ekspert oziq-ovqat eksportini oshirishni muhokama qildi
O‘zbekiston va xalqaro ekspert oziq-ovqat eksportini oshirishni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va xalqaro ekspert oziq-ovqat eksportini oshirish masalasini muhokama qildi /

O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov xalqaro ekspert, AMC Overseas FZE direktori Suvra Chakraborti bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda mamlakatning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Tomonlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, zamonaviy talablarni inobatga olgan holda eksport jarayonlarini takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi xabar berdi.

Uchrashuvda mahalliy eksportchilarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, xalqaro bozorlarni tahlil qilish, xorijiy xaridorlarni izlash hamda salohiyatli hamkorlar bilan samarali muzokaralar olib borish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar eksport yetkazib berishini tashkil etishning amaliy jihatlarini ham ko‘rib chiqdi. Bunda logistika va bojxona tartib-taomillarini to‘g‘ri amalga oshirish, mahsulotlarni xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlash va zarur hujjatlarni tayyorlash masalalariga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv davomida taʼkidlanganidek, tashqi bozorlarga chiqishda mahsulotning raqobatbardoshligi nafaqat uning sifati bilan belgilanadi. Bunda qadoqlash, saqlash sharoitlari, logistika zanjirini tashkil etish va qo‘shilgan qiymatni oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ishtirokchilar ushbu yo‘nalishlardagi xalqaro tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish va mahalliy tadbirkorlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

2025–2026 yillarda Suvra Chakraborti ishtirokida O‘zbekiston hududlarida dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillari, shuningdek, tadbirkorlar uchun taʼlim seminarlari o‘tkazilgan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha xalqaro amaliy tajribani ommalashtirishga qaratilgan taʼlim dasturlarini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Qo‘mita xalqaro ekspertlarning amaliy tajribasi mahalliy tadbirkorlarning eksport salohiyatini oshirish, O‘zbekiston mahsulotlarining xorijiy bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlash hamda mamlakatdan oziq-ovqat mahsulotlari eksporti geografiyasini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.