“O‘zbekneftegaz” beshta yangi burg‘ilash qurilmasini xarid qiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftegaz” AJ burg‘ilash texnikasi parkni yangilash maqsadida Xitoyning Honghua kompaniyasidan beshta avtomatlashtirilgan burg‘ilash qurilmasini xarid qilish imkoniyatini muhokama qildi. Bu haqda “O‘zbekneftegaz” AJ xabar berdi.
Burg‘ilash uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Honghua kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda burg‘ilash ishlari samaradorligini oshirish, zamonaviy uskunalarni joriy etish va kompaniyaning texnik parkni yangilash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar to‘rtta ZJ70 modelidagi avtomatlashtirilgan burg‘ilash qurilmasi hamda bitta ZJ90 qurilmasini xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.
“O‘zbekneftegaz” maʼlumotiga ko‘ra, bunday texnikalardan foydalanish zamonaviy texnologiyalar asosida burg‘ilash ishlarini olib borish, mehnat unumdorligini oshirish va yangi quduqlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar davomida uskunalarni yetkazib berish qiymatini maqbullashtirish, hamkorlikning iqtisodiy samaradorligini oshirish va uni o‘zaro manfaatli shartlar asosida yana-da rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.