Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 17 sentyabr kuni Boku shahrida O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Ozarbayjon Respublikasi SOCAR kompaniyasi prezidenti Rovshan Nadjaf o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar energetika va neft-gaz sohalaridagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Muzokaralar joriy yil 23–24 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uchrashuvlari davomida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, davlat rahbarlarining do‘stona tashabbuslarini amaliy natijalarga aylantirishga qaratildi. Ishtirokchilar avgust oyidagi sammit yakunlari bo‘yicha imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqanini alohida taʼkidladi.
SOCAR kompaniyasi bilan O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish, shuningdek, Ustyurtdagi investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarining borishi va ularni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, SOCAR va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvda davlat rahbarlari tomonidan belgilangan vazifalarga muvofiq neftni qayta ishlash quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, neft xomashyosi va neft mahsulotlarini import qilishni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
Ishtirokchilar mazkur yo‘nalishlardagi loyihalarning joriy holati va amalga oshirish surʼatlarini tahlil qildi. Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish, mavjud masalalarni tezkor hal etish hamda qo‘shma loyihalarni yana-da jadallashtirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.