O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda davlat xaridlari ustidan nazorat kuchaytiriladi

Dilafro'z Niyazova · 08.09.2026 · 18:50 · 34 views
O‘zbekistonda davlat xaridlari ustidan nazorat kuchaytiriladi
O‘zbekistonda davlat xaridlari ustidan nazorat kuchaytiriladi / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi davlat xaridlari tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat xarid jarayonlarining shaffofligini oshirish, davlat buyurtmachilarining hisobdorligini kuchaytirish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.

Taklif etilayotgan choralardan biri amalga oshirilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar haqidagi maʼlumotlarni hududlar kesimida muntazam ravishda eʼlon qilib borishdan iborat. Bu maʼlumotlar turli hududlarda davlat xaridlarining holatini baholash, eng ko‘p talab qilinayotgan tovar va xizmat turlarini aniqlash hamda xarid jarayonlarining ochiqligini oshirish imkonini beradi.

Qonun loyihasida byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan parlament nazoratini kuchaytirish ham nazarda tutilgan. Davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari natijalarini Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarga kiritish taklif etilmoqda.

Bunday hisobotlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirilgan xaridlar haqidagi maʼlumotlar ham alohida aks ettiriladi. Bu deputatlarga byudjet mablag‘lari sarfini tizimli tahlil qilish, qo‘llanilgan xarid usullari va ularning natijalarini baholash, zarur hollarda esa parlament nazorati vositalaridan foydalanish imkonini beradi.

O‘zgartishlarning alohida qismi tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Davlat xaridlari jarayonida yuzaga keladigan shikoyatlarni joylarda tezkor ko‘rib chiqish uchun Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish komissiyasi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan hududiy komissiyalarni tashkil etish taklif etilmoqda.

Kutilishicha, bunday mexanizm tadbirkorlarning murojaatlarini tezroq ko‘rib chiqish va yuzaga keladigan nizolarni hal etish, shuningdek, ularning vaqt va moliyaviy xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi.

Deputatlarning baholashicha, davlat xaridlari haqidagi maʼlumotlarning ochiqligini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshirilgan xaridlar haqidagi maʼlumotlarni parlament nazoratiga kiritish va shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmini takomillashtirish tizimning shaffofligi va hisobdorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, taklif etilayotgan normalar raqobat muhitini kengaytirish, tadbirkorlarni davlat xaridlarida ishtirok etishga rag‘batlantirish hamda byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishga yordam berishi kutilmoqda.