7
Iqtisod

O‘zbekiston Janubiy Osiyoga elektr energiyasi eksportini o‘rganmoqda

O‘zbekiston Janubiy Osiyoga elektr energiyasi eksportini o‘rganmoqda
O‘zbekiston Janubiy Osiyoga elektr energiyasi eksportini o‘rganmoqda / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Afg‘oniston va Janubiy Osiyo mamlakatlarini elektr energiyasi eksporti uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni yoqilg‘i-energetika sohasi investorlari bilan ochiq muloqotda maʼlum qildi.

Energetika sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va energiyani saqlash infratuzilmasini kengaytirishdan iborat bo‘ladi. Prezidentning taʼkidlashicha, 2021 yildan buyon mamlakat elektr tarmoqlarini yangilashga yo‘naltirilgan investitsiyalar 2 milliard dollardan oshgan.

2030 yilgacha 5 ming kilometr elektr uzatish liniyalari va 16 ta yirik podstansiya qurish, energiyani saqlash tizimlari quvvatini esa 4,5 GVtga yetkazish rejalashtirilgan. Yangi loyihalarning asosiy qismi Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga oshiriladi.

Elektr energiyasini ishlab chiqarish, saqlash va uzatish jarayonlarini birlashtirgan kompleks loyihalarga ustuvor ahamiyat beriladi. Energiyani uzoq muddat saqlash uchun investorlarni gidroakkumulyatsiya elektr stansiyalarini qurishga jalb etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston mintaqaviy bozordan tashqarida ham eksport imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa mamlakatlariga “yashil” elektr energiyasini yetkazib berish uchun Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan birgalikda Kaspiy dengizi orqali energetika koridorini tashkil etish loyihasi amaliy bosqichga o‘tmoqda.

Afg‘oniston va Janubiy Osiyo mamlakatlari ham qo‘shimcha istiqbolli bozorlar sifatida qayd etildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.