7
Texnologiyalar

O‘zbekiston va Malayziya yarimo‘tkazgichlar sohasi uchun kadrlar tayyorlaydi

O‘zbekiston va Malayziya yarimo‘tkazgichlar sohasi uchun kadrlar tayyorlaydi
O‘zbekiston va Malayziya yarimo‘tkazgichlar sohasi uchun kadrlar tayyorlaydi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Malayziya yarimo‘tkazgichlar sanoati uchun mutaxassislar tayyorlash, mikroelektronikani rivojlantirish hamda texnologik tadqiqotlar o‘tkazish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Malayziyaga ishchi tashrifi davomida ikki mamlakat tashkilotlari va oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi xabar berdi.

Tashrifning birinchi bosqichida delegatsiya Kuala-Lumpur shahridagi IC Design Park majmuasi hamda Malayziyaning MIMOS Berhad tashkiloti faoliyati bilan tanishdi. Ishtirokchilar yarimo‘tkazgich plastinalarini ishlab chiqarish, mikroelektron qurilmalar prototiplarini yaratish, integral mikrosxemalarni sinovdan o‘tkazish va ularning ishonchliligini baholash uchun mo‘ljallangan laboratoriyalar hamda texnologik infratuzilmani o‘rgandi.

Delegatsiya, shuningdek, Selangor AI & Semiconductor Summit 2026 xalqaro sammitida ishtirok etib, yarimo‘tkazgichlar va sunʼiy intellekt sohalarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekistonning ToshTech texnik universiteti hamda Malayziyaning ASEM Academy va Great ASIC tashkilotlari o‘rtasida memorandumlar imzolandi. Bundan tashqari, Cyber University hamda Malayziyaning Asia e University (AeU) va Asia Pacific University of Technology & Innovation (APU) oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, AlphaSwift kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.

Erishilgan kelishuvlar malakali mutaxassislar tayyorlash, ilg‘or texnologiyalar sohasida tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, taʼlim muassasalari bilan sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi.

O‘zbekiston delegatsiyasining ishchi tashrifi davom etmoqda. Tashrifning ikkinchi bosqichi Penang shahrida o‘tkazilmoqda. Vazirlik xabarda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha aniq dasturlar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muddatlari haqida qo‘shimcha maʼlumot bermagan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.