O‘zbekistonda ipoteka kreditlari 13,1 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda ipoteka kreditlari 13,1 trln so‘mga yetdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston tijorat banklari tomonidan 13,1 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Bu haqda Markaziy bank maʼlum qildi. Ipoteka kreditlarini 42,6 ming nafar fuqaro olgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,6 trillion so‘mga ko‘pdir.
Ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi moliyalashtirish manbasiga qarab 16,8 foizdan 21,6 foizgacha bo‘ldi. Jumladan, respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlar uchun stavka 16,8 foizni, banklar mablag‘lari hisobidan berilgan kreditlar uchun 20,1 foizni, Imtiyozli ipoteka kreditlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlar uchun esa 21,6 foizni tashkil etdi.
Ajratilgan ipoteka kreditlarining 75 foizi birlamchi uy-joy bozori hissasiga to‘g‘ri keldi. Yangi uy-joylar uchun 9,8 trillion so‘mlik kreditlar ajratilib, qariyb 32 ming nafar qarz oluvchi ushbu imkoniyatdan foydalangan. Regulyator buni yangi uy-joylarga bo‘lgan yuqori talab bilan izohladi. Qolgan 25 foiz, yaʼni 3,3 trillion so‘mlik kreditlar 10,6 ming nafar qarz oluvchiga ikkilamchi uy-joy bozori uchun yo‘naltirildi.
Hududlar kesimida ipoteka kreditlarining eng katta hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi — 4,01 trillion so‘m. Viloyatlar orasida Toshkent viloyati 1,1 trillion so‘m va Farg‘ona viloyati 888 milliard so‘m bilan yetakchilar qatorida bo‘ldi. Eng past ko‘rsatkich esa Surxondaryo viloyatida qayd etilib, 356 milliard so‘mni tashkil qildi.
Banklar kesimida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi bo‘yicha «Xalq banki» 2,2 trillion so‘m bilan birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin “Agrobank” 1,96 trillion so‘m, “Milliybank” 1,68 trillion so‘m va “Ipotekabank” 1,58 trillion so‘m ko‘rsatkich bilan joylashdi.
Qarz oluvchilarning yoshi bo‘yicha asosiy ulush 31–50 yosh toifasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu guruh umumiy ipoteka kreditlarining 65 foizini yoki 27,5 ming nafar qarz oluvchini tashkil qildi. 18–30 yoshli qarz oluvchilar ulushi 25 foizni yoki 10,9 ming nafarni, 51 yoshdan katta qarz oluvchilar esa 10 foizni yoki 4,2 ming nafarni tashkil etdi.
Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, 2021–2025 yillarda har yili ajratiladigan ipoteka kreditlari hajmi ikki baravardan ziyod oshgan. Xususan, bu ko‘rsatkich 9,8 trillion so‘mdan 21,2 trillion so‘mgacha ko‘tarilgan.