Muxlisa Masharipova U17 jahon chempionatida oltin medal oldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston terma jamoasi vakili Muxlisa Masharipova Ozarbayjon poytaxti Bokuda o‘tkazilayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi kurash bo‘yicha jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi.
43 kg gacha bo‘lgan vazn toifasining final bellashuvida o‘zbekistonlik sportchi Germaniya vakili Fineya Shtrauxni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Federatsiya maʼlum qilishicha, musobaqaning navbatdagi kuni saralash bosqichida O‘zbekiston erkin kurash terma jamoasining besh nafar vakili ishtirok etadi.
Bundan tashqari, Sabrina Abdreimova bronza medali uchun kurashni tasalli bosqichi orqali davom ettiradi. Uning raqibi 53 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida Ruminiya vakili Madalina Pavel hamda Bolgariya vakili Valeriya Stancheva o‘rtasidagi bellashuv natijasiga ko‘ra aniqlanadi.