Iqtisod

Alyors Holding O'zbekiston farmatsevtika sanoatidagi loyihalarni o'rganmoqda

Alyors Holding O'zbekiston farmatsevtika sanoatidagi loyihalarni o'rganmoqda
Alyors Holding O'zbekiston farmatsevtika sanoatidagi loyihalarni o'rganmoqda / Foto: Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Turkiyaning Alyors Holding (Orzax) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda farmatsevtika va biotexnologiya yo‘nalishlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mahsulotlarni mahalliylashtirish hamda eksport salohiyatini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Kompaniya vakillari O‘zbekiston farmatsevtika bozoridagi mavjud imkoniyatlar, investitsiya muhiti hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Shuningdek, dorivor o‘simliklar, farmatsevtik xomashyo va probiotiklar sohasida ilmiy-texnologik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahalliy resurslardan samarali foydalanish hamda innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar investitsiya loyihasining asosiy parametrlarini aniqlashtirish, zarur maʼlumotlarni o‘zaro almashish hamda hamkorlikning keyingi amaliy bosqichlarini belgilashga kelishib oldilar.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.