Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 2-sonli maktab o‘qituvchisi Nigora Allambergenova «Yil o‘qituvchisi» tanlovi g‘olibi bo‘lib, 50 ming dollar miqdorida pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida maʼlum qilindi.
Nigora Allambergenovaning so‘zlariga ko‘ra, pedagoglar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar unga tanlovda g‘olib bo‘lishga yordam bergan.
Umuman, respublika bo‘yicha tanlov g‘oliblari sifatida 208 nafar pedagog eʼtirof etildi. Ular orasida Qoraqalpog‘istondan 17 nafar o‘qituvchi bor.
Uchrashuv davomida pedagog Qo‘ng‘irot tumanidagi 1-sonli maktab haqida ham so‘zlab berdi. Uning taʼkidlashicha, 2019 yildan buyon maktab texnikum binosida joylashgan, joriy yilda esa Prezident topshirig‘i asosida rekonstruksiya qilingan.
Yangi maktablar qurish, pedagoglar uchun sharoit yaratish, o‘qituvchi va ustozlarni qo‘llab-quvvatlash taʼlim sohasidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.