Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi Maxtumquli ko‘chasida 11 ta svetofor obyektining ishlash tartibi «yashil to‘lqin» tamoyili asosida sinxronlashtirildi.
Natijada mazkur yo‘nalishning o‘tkazuvchanlik qobiliyati 12 foizga oshdi, yo‘nalish bo‘ylab o‘rtacha harakatlanish vaqti esa 10 foizga qisqardi. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Mutaxassislar transport harakati intensivligi, sutkaning turli vaqtlarida harakat oqimlarining taqsimlanishi, svetofor sikllarining davomiyligi va chorrahalar orasidagi harakatlanish vaqtini tahlil qildi. Olingan maʼlumotlar asosida svetoforlar ishi muvofiqlashtirildi.
Maxtumquli ko‘chasida sutkalik o‘rtacha harakat intensivligi qariyb 90 ming avtomobilni tashkil etadi. Transport oqimining ustun yo‘nalishini hisobga olgan holda tizim ikki xil rejimda ishlaydi.
Soat 00:00 dan 13:00 gacha harakat Toshkent markazi yo‘nalishi bo‘yicha muvofiqlashtirilgan. Yaʼni Maxtumquli va Yangi O‘zbekiston ko‘chalari kesishmasidagi uch sathli yo‘l o‘tkazgichdan Amir Temur xiyobonigacha bo‘lgan yo‘nalishda «yashil to‘lqin» ishlaydi. Soat 13:00 dan 00:00 gacha esa harakat teskari yo‘nalishda — Amir Temur xiyobonidan Maxtumquli va Yangi O‘zbekiston ko‘chalari kesishmasidagi uch sathli yo‘l o‘tkazgichgacha muvofiqlashtiriladi.
Muvofiqlashtirilgan koridorda hisoblangan harakat tezligi soatiga 55 kilometrni tashkil etadi. Tavsiya etilgan tezlikka rioya qilinganda, avtomobil keyingi chorrahalarda hisoblangan yashil chiroq oralig‘iga ketma-ket tushadi.
Bunda «yashil to‘lqin» butun yo‘nalish bo‘ylab uzluksiz yashil chiroq yonib turishini anglatmaydi. Bu svetofor sikllarining matematik hisob-kitoblar asosida muvofiqlashtirilishini nazarda tutadi. Bunday tizim chorrahalarda to‘xtashlar va kechikishlar sonini kamaytirishga qaratilgan.
Amaldagi harakatlanish vaqti yo‘ldagi vaziyatga, jumladan, transport oqimi intensivligi, belgilangan tezlik rejimiga rioya qilinishi, qayta saflanishlar, jamoat transporti harakati va piyodalar uchun ajratilgan fazalarga bog‘liq.
Yo‘l-transport hodisalari, harakat polosalarining vaqtincha yopilishi, yo‘l ishlari yoki transport oqimining keskin ortishi holatlarida harakat parametrlari hisoblangan ko‘rsatkichlardan vaqtincha farq qilishi mumkin.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi transport oqimlarini tahlil qilish hamda Toshkentning boshqa hududlarida muvofiqlashtirilgan svetofor boshqaruvini sozlash ishlarini davom ettirmoqda.