O‘zbekiston

Senat Surxondaryoning ikkita tumani chegaralariga kiritilgan o'zgartirishlarni ma'qulladi

Senat Surxondaryoning ikkita tumani chegaralariga kiritilgan o'zgartirishlarni ma'qulladi
Senat Surxondaryoning ikkita tumani chegaralariga kiritilgan o'zgartirishlarni ma'qulladi / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 19-yalpi majlisida Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqoʻrgʻon tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi.

Senat qarori bilan Jarqoʻrgʻon tumani hududidan 4 740 gektar yer maydonini Qiziriq tumani tarkibiga oʻtkazish nazarda tutilmoqda.

Mazkur hududda 4,2 ming aholi, 710 ta oila istiqomat qiladi. Hudud maʼmuriy jihatdan Jarqoʻrgʻon tumaniga qarashli boʻlgani uchun aholi soliq, kommunal toʻlovlar, ijtimoiy nafaqa, pensiya va boshqa masalalar yuzasidan Jarqoʻrgʻon tumani markaziga murojaat qilib kelgan. Tuman markazigacha boʻlgan masofa 18–20 kilometrni tashkil etadi.

Qaror qabul qilinishi natijasida aholining davlat xizmatlaridan foydalanishi yanada qulay boʻladi va maʼmuriy masalalarni hal etishda ortiqcha ovoragarchiliklar bartaraf etiladi.

Shu bilan birga, hududdagi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatlari kengayadi. Xususan, “Chap tarmoq” kanaliga 4 ta suv nasos stansiyasi oʻrnatilishi hisobiga 500 gektardan ortiq yer maydonini oʻzlashtirish mumkin boʻladi.

Senatorlar oʻz chiqishlarida Jarqoʻrgʻon tumani hududining bir qismini Qiziriq tumani tarkibiga oʻtkazish bilan bir qatorda, uni aholi manfaatlari, bandlik va hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish nuqtayi nazaridan kompleks rivojlantirish muhimligiga eʼtibor qaratdi.

Muhokamadan soʻng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.